Shavkat Mirziyoyev 4-iyul kuni Sergeli tumani hokimligiga tashrif buyurib, aholi va tadbirkorlarga davlat xizmatlarini “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatish tizimi hamda “Aqlli tuman” platformasi faoliyati bilan tanishdi.

Ma’lum qilinishicha, hokimlik binosida yana beshta tashkilot faoliyat yuritib, 30 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, Ichki ishlar vazirligiga onlayn murojaat qilish imkonini beruvchi “aqlli” qurilma ishga tushirilgan.

Ushbu tizimdan murojaat yo‘llanganda navbatchi inspektor videoaloqa orqali murojaat qiluvchi bilan bog‘lanadi. Murojaat avtomatik ro‘yxatga olinadi. Murojaatchi ish natijasi, inspektor muomalasi, harakati haqida o‘zining bahosini qo‘yadi. Prezident bunday qurilmalarni bozorlar va aholi gavjum joylarda ham ko‘paytirishni topshirdi.

Shuningdek, tumanda sun’iy intellekt asosida ishlovchi vaziyatlar markazi tashkil etilgan. “Aqlli tuman” platformasi orqali ijtimoiy va kommunal muammolar monitoring qilinadi, aholi murojaatlari nazorat qilinadi, favqulodda vaziyatlarda xizmatlar faoliyati tezkor boshqariladi va muvofiqlashtiriladi.

Vaziyatlar markazini ishga tushirish doirasida tumanning 46 mahallasi bilan videokonferensaloqa yo‘lga qo‘yilgan va markaz bilan integratsiya qilingan. Shuningdek, tumandagi 25 maktab ham markazga ulanmoqda.

Platforma tarkibidagi “Xavfsiz tuman” tizimi jamoat xavfsizligini ta’minlash, tadbirkorlarning raqamli xaritasi soliq tushumlarini prognozlash, AI Davomat tizimi esa maktablarda dars qoldirish holatlarini nazorat qilishga qaratilgan.

Davlat rahbari ushbu tajribani Toshkent shahrining barcha tumanlarida joriy etish bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, ta’lim, qurilish, soliq ma’murchiligi va jamoat xavfsizligini raqamlashtirish bo‘yicha mutasaddilarning hisobotlari tinglandi.

Avvalroq Spot Toshkentning Yangi Sergeli ko‘chasi uzluksiz ishlaydigan gastronomik ko‘chaga aylantirilgani haqida yozgan edi.