Shavkat Mirziyoyev 4-iyul kuni Sergeli tumanining Ittifoq mahallasidagi Yangi Sergeli ko‘chasida amalga oshirilgan ishlar hamda savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi Sergeli ko‘chasida 24/7 rejimida ishlaydigan savdo, umumiy ovqatlanish va ko‘ngilochar xizmatlarni o‘z ichiga olgan obyektlar yaratildi.
Loyihaning umumiy qiymati 18,7 mlrd so‘mni tashkil etib, ko‘chaning 2,1 kilometr qismining infratuzilmasi to‘liq yaxshilandi.





Hududda 10 dan ortiq bolalar maydonchasi, 8 ta vorkaut zonasi, kitob do‘koni hamda nuroniylar maskani tashkil etildi. Uning atrofidagi 4 ta mahallada 21 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Yangi Sergeli ko‘chasidan kuniga o‘rtacha 15−20 mingta avtotransport vositasi harakatlanadi.
Loyiha to‘liq ishga tushgach, yiliga 1,2 mlndan ortiq tashrif buyuruvchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Loyiha doirasida 250 dan ortiq yangi ish o‘rni ochildi. 95 ta mavjud tadbirkor faoliyati kengaytirilib, 22 ta yangi biznes subyekti tashkil etildi.
Davlat rahbari mahalla bo‘ylab yurib, milliy me’moriy uslubda ta’mirlangan xonadonlar, obodonlashtirilgan ko‘chalar va aholi uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi.
Avvalroq Spot prezident investorlarni tarixiy shaharlardan boshqa hududlarda ham turizm loyihalariga sarmoya kiritishga chaqirgani haqida yozgan edi.




