Shavkat Mirziyoyev 26-noyabr kuni qo‘riqlash xizmatlari sifati va qamrovini oshirishga qaratilgan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

So‘nggi o‘n yilda mamlakatda ijtimoiy va savdo obyektlari soni 150 mingdan 500 mingtaga, uy-joylar soni esa 1,5 mln dan 8 mln tagacha oshdi. Tun-u kun ishlaydigan savdo va xizmat ko‘rsatish ko‘chalari soni 255 taga yetdi.

Shu davrda qo‘riqlash obyektlari soni 194 mingdan 337 mingtagacha, tezkor harakatlanuvchi guruhlar soni 533 tadan 630 taga ko‘paydi. 6,5 mingta mahallada patrullik xizmati yo‘lga qo‘yildi, 58 ming nafar qorovulning malakasi oshirildi.

Shu bilan birga, amaldagi xizmatlar aholi va tadbirkorlarning ortib borayotgan ehtiyojlarini to‘liq qondirmayotgani qayd etildi. Xizmatlarning asosan davlat obyektlarini qo‘riqlash bilan cheklanib qolayotgani, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

Taqdimotda mavjud beshta axborot tizimini birlashtirgan “Raqamli qo‘riqlash” yagona axborot tizimini joriy etish taklif qilindi. U orqali shartnomalarni elektron rasmiylashtirish, to‘lovlar haqidagi ma’lumotlarni onlayn olish va tezkor guruhlar harakatini real vaqt rejimida kuzatish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, sun’iy intellekt yordamida ehtimoliy xavf-xatarlarni oldindan aniqlash va ularning oldini olish, qo‘riqlash bo‘linmalari faoliyatini samarali boshqarish rejalashtirilmoqda.

Bugungi kunda mavjud oltita xizmat turiga qo‘shimcha ravishda yana sakkizta zamonaviy xizmatni joriy etish taklif qilindi. Jumladan, “Aqlli va xavfsiz uy” konsepsiyasi asosida xonadonlarga nazorat qurilmalarini o‘rnatish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish, mobil qurilmalar orqali tezkor yordam chaqirish imkonini beruvchi virtual “SOS” tizimini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, investorlar, sayyohlar va tadbirkorlarga tansoqchilik xizmatlarini ko‘rsatish, oilaviy va boshqa tadbirlarda jamoat tartibini saqlash, dronlar yordamida kuzatuv olib borish hamda mavsumiy obyektlarni qo‘riqlash xizmatlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Yangi qurilayotgan obyektlarni muhandislik-texnik qo‘riqlash vositalari bilan jihozlash bo‘yicha yagona talablarni belgilash va shaharsozlik normalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritish ham taklif etildi. Ko‘p kvartirali uylarda domofon va tashvish tugmalarini o‘rnatish orqali texnik qo‘riqlash xizmatidan foydalanish amaliyotini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Avvalroq profilaktika inspektorlari mahallalarda yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima solishi mumkin bo‘lishi haqida xabar berilgandi.