Shavkat Mirziyoyev ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligi sohasida yangi ish tizimiga o‘tishi bo‘yicha chora-tadbirlarni tasdiqladi. Prezident qarori Lex.uz portalida e‘lon qilingan.
IIV tuzilmasidagi jamoat xavfsizligini ta‘minlash bo‘linmalarining faoliyati yaxlit tizim sifatida tashkil etiladi. Xizmat yo‘nalishi va hududidan qat‘i nazar fuqarolarning murojaatlariga tezkor munosabat bildirish, shuningdek, huquqbuzarliklarning sabab va omillarini barvaqt aniqlab, ularni bartaraf etish ichki ishlar organlarining ustuvor vazifalari qatoriga kiradi.
“Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi. Unda profilaktika inspektorlarining maqomi, huquq va majburiyatlari, mas‘uliyati, xizmatni tashkil etish va faoliyatini baholash tartibi belgilanadi.
Profilaktika inspektorlari ilk bor sodir etilgan 17 turdagi kam ahamiyatli huquqbuzarlik bo‘yicha ogohlantirish berishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, ularga mahalla ko‘chalari va piyodalar yo‘lkalarida yo‘l harakati qoidalarini buzishning 4 turi yuzasidan jazo qo‘llashga ruxsat beriladi.
Bundan tashqari, profilaktika inspektorlari hozirda tuman va shahar ichki ishlar organlari boshliqlarining vakolatiga kiradigan 9 turdagi ma‘muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqib, ular bo‘yicha jazo choralarini qo‘llaydi. Inspektorning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
Profilaktika inspektorlari uchun aholining yuksak ishonchiga erishish va jinoyatchilikni jilovlash ustuvor maqsad sifatida belgilanmoqda. Ularga kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan qo‘shimcha vazifalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, aholining ovoz berishi asosida inspektorlar faoliyatiga nisbatan “ishonchsizlik tashabbusi"ni joriy etish rejalashtirilmoqda. Shu asosda ularga nisbatan ichki ishlar organlaridan bo‘shatishgacha bo‘lgan jazo choralari qo‘llaniladi.
1-noyabrdan boshlab ommaviy tadbirlarda jamoat tartibini buzgan shaxslarning keyingi tadbirlarga kirishi vaqtincha cheklanadi.
Gastronomik ko‘chalarda jamoat tartibini saqlash hokimliklar bilan tuzilgan shartnoma asosida patrul-post xizmati bo‘linmalari tomonidan kecha-yu kunduz (24/7) rejimida amalga oshiriladi. Shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlari uchun mahallalarning ichki ko‘chalarini qamrab oluvchi patrul yo‘nalishlarini tashkil etish vazifasi qo‘yilmoqda.
PPX va qo‘riqlash xizmati xodimlari o‘z harakat yo‘nalishidagi chorrahalar va markaziy ko‘chalarda, bozorlar, yirik savdo majmualari, maktablar va bolalar bog‘chalari yaqinidagi tirbandliklarni bartaraf eta oladi. Yo‘llarda sodir etilgan huquqbuzarliklarga munosabat bildirish ham ularning vazifalariga kiradi.
O‘z navbatida, Yo‘l-patrul xizmati zimmasiga ko‘chalar va jamoat joylarida huquqbuzarliklarga chek qo‘yish, qoidabuzarlarni ta‘qib qilish va ushlash vazifalari yuklatiladi. Bundan tashqari, YHXX xodimlari belgilanmagan joylarga chiqindi tashlaganlik va jamoat joylarida alkogolli ichimliklar iste‘mol qilganlik uchun jarima solishi mumkin bo‘ladi.
2027-yil 1-avgustga qadar profilaktika inspektorlari faoliyati uchun yagona axborot tizimini yaratish va ularning o‘zaro onlayn hamkorligini ta‘minlash topshirildi.
Ayni shu sanagacha fuqarolarning ariza, shikoyat va xabarlarini Mening inspektorim ilovasi orqali real vaqt rejimida inspektorlarga yuborish yo‘lga qo‘yiladi. Agar inspektor xabarga zudlik bilan munosabat bildirmasa, u 112 tizimiga o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, 2026-yil oxirigacha yo‘l harakati xavfsizligi sohasida yagona elektron xaritani ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Tizim yo‘llarning xavfli qismlari, avariya o‘choqlari va huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni to‘plash, tahlil qilish va vizual taqdim etishni ta‘minlaydi.
Spot, avvalroq, Toshkent viloyatida ishga joylashtirishni va‘da qilib, 15 kishini aldagan shaxs aniqlangani haqida yozgandi.