Toshkent viloyatida ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolarni ishga joylashtirishni va‘da qilib, ularning pullarini o‘zlashtirganlikda gumonlanayotgan shaxs aniqlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Jabrlanuvchilardan biri ijtimoiy tarmoqdagi ishga joylashtirish haqidagi va‘daga ishonib, gumonlanuvchi ko‘rsatgan bank kartasiga 1,2 mln so‘m o‘tkazgan.

O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida gumonlanuvchi avval ham firibgarlik sodir etib, bir necha bor javobgarlikka tortilgani aniqlangan.

U Telegram‘da turli soxta akkauntlar ochib, fuqarolarga ishga joylashtirish va tibbiy ko‘rikdan o‘tishda yordam berishni va‘da qilgan. Shu yo‘l bilan kamida 15 nafar fuqaroning ishonchini suiiste‘mol qilgan.

Tergov-surishtiruv jarayonlarida gumonlanuvchi boshqa shaxslar nomiga rasmiylashtirilgan bank kartalari orqali jabrlanuvchilardan jami 9,88 mln so‘m olgani aniqlangan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Spot, avvalroq, deyarli 1,5 ming nafar o‘zbekistonlik o‘z xabarisiz ishga joylashtirilganidan shikoyat qilgani haqida yozgandi.