14-noyabr kuni Toshkent shahrining ayrim hududlarida gaz bosimi pasaydi.

Energetika vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, gaz bosimining pasayishi bilan bog‘liq muammoni bartaraf etish uchun zarur tezkor choralar ko‘rildi. Ayni paytda poytaxtga gaz yetkazib beruvchi quvurlarning kirish nuqtalarida bosim oshirilgan.

Vazirlikka ko‘ra, yaqin 2−3 soat ichida gaz taqsimlash tarmoqlarida bosim bosqichma-bosqich ko‘tarilib, iste’molchilar ta’minoti me’yorga kelishi kutilmoqda.

“Shu munosabat bilan aholimizdan gaz jihozlaridan foydalanishda ehtiyotkor bo‘lishni, ularning sozligini tekshirishni hamda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etishlarini so‘raymiz. Yuzaga kelgan noqulayliklar uchun iste’molchilarimizdan uzr so‘raymiz”, — deyiladi xabarda.

SvetaNet xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, soat 18:59 holatiga gaz ta’minotidagi uzilishlar bo‘yicha 178 ta xabar qayd etilgan. Ulardan 111 tasi tasdiqlangan, yana 444 ta xabar boshqa kanaldan olingan. Xabarlarning aksariyati Chilonzor va Mirzo Ulug‘bek tumanlariga to‘g‘ri kelgan.

gaz bosimi, gaz ta'minoti, tabiiy gaz, toshkent shahri

Avvalroq Spot qishda gaz birinchi navbatda aholi va ijtimoiy obyektlarga yetkazib berilishi haqida yozgan edi. Tartib 2027-yil 31-martgacha amal qiladi. Havo harorati keskin pasayganda boshqa toifadagi iste’molchilarga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilishi mumkin.