13-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev 2027-yil uchun Davlat budjetining maqsadli ko‘rsatkichlari, asosiy makroiqtisodiy prognozlar hamda budjet-soliq siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yil yakunida O‘zbekiston iqtisodiyoti kamida 8% ga o‘sishi, yalpi ichki mahsulot hajmi $200 mlrd dan, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad esa $5,2 mingdan oshishi kutilayotgani qayd etildi. 2030-yilga borib YIMni $300 mlrd ga, kelgusi o‘n yilda aholi jon boshiga daromadni $10 mingga yetkazish maqsad qilingan.
2027-yilda YIM hajmi $232 mlrd ga yetishi prognoz qilinmoqda. Oltinsiz eksport hajmini qariyb $40 mlrd ga yetkazish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, inflyatsiya darajasini kelasi yilda 6% ga, 2028−2029-yillarda esa 5% gacha pasaytirish nazarda tutilgan.
Taqdimotda kelgusi yilgi Davlat budjeti daromadlarini 416 trln so‘m, xarajatlarini esa 464 trln so‘m miqdorida belgilash nazarda tutilayotgani ma’lum qilindi. Budjet loyihasi iqtisodiy o‘sishning 7% bo‘lishi prognozi asosida shakllantirilmoqda.



Kelgusi yilda budjetning ijtimoiy yo‘naltirilganligi saqlab qolinadi. Ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi islohotlarni moliyalashtirish uchun jami qariyb 176 trln so‘m ajratish ko‘zda tutilgan. Shundan ta’limga 114,3 trln so‘m (2025-yilga nisbatan 14 trln so‘m ko‘p), tibbiyotga 61,4 trln so‘m (+12 trln so‘m) yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, hududlar va mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligi va daromadlarini oshirish, inson kapitalini rivojlantirish hamda ijtimoiy himoyani kuchaytirish uchun 70 trln so‘m ajratilishi belgilanmoqda.
Jahondagi geosiyosiy va iqtisodiy noaniqliklar sharoitida makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash kerakligi qayd etildi. 2027-yilda inflyatsiyani 6% dan oshirmaslik, umumiy fiskal taqchillikni YIMga nisbatan 3% doirasida saqlash vazifasi belgilandi.


2027-yilda ham asosiy soliq stavkalarini o‘zgarishsiz saqlash ko‘zda tutilmoqda. Bunday sharoitda budjet daromadlarini ko‘paytirishning asosiy manbai iqtisodiy faollikni rag‘batlantirish, soliq bazasini kengaytirish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish hamda soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish bo‘lishi ta’kidlandi.
Shu bois raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali soliq va bojxona tushumlarini qo‘shimcha oshirish, tadbirkorlar uchun qulay va shaffof muhit yaratish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.
Prezident budjet xarajatlarining har bir so‘mi aniq natija berishi kerakligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan samarasiz xarajatlarni qisqartirish, davlat investitsiyalari va subsidiyalari natijadorligini oshirish hamda budjet intizomini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Jumladan, investitsiya dasturidagi qurilish loyihalarida budjet mablag‘lari sarfini kuzatish imkonini beradigan raqamli nazorat tizimini sinov tariqasida joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda 2027-yil uchun Davlat budjeti loyihasining asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi. Qonunchilikka muvofiq, loyiha va uning ijrosini ta’minlash choralari mahalliy Kengashlarda muhokama qilinadi, so‘ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonning 2025-yildagi YIM hajmi qayta hisob-kitoblardan so‘ng $169 mlrd ga yetgani haqida yozgan edi.




