26-oktabr kuni Investitsiyaviy nizolarni hal etish bo‘yicha xalqaro markaz (ICSID) arbitraj tribunali Turkiya fuqarosi Mehmet Zeki Obuz va boshqalarning O‘zbekistonga qarshi da’vosi yuzasidan qaror chiqardi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, tribunal da’vogarlar tomonidan O‘zbekistonga qarshi ilgari surilgan barcha talablarni rad etdi. Arbitraj tribunali qarori nizolashuvchi tomonlar uchun yakuniy hisoblanadi.
2021-yilda boshlangan ishda O‘zbekiston manfaatlarini Adliya vazirligi hamda AQSHning Curtis, Mallet-Prevost, Colt & Mosle xalqaro yuridik kompaniyasi himoya qilgan.
Da’vogarlar qatorida Mehmet Zeki Obuz, Seyde Yilmaz, Huriye Obuz hamda Turkiyaning Obuzlar Gida kompaniyasi bo‘lgan. Nizo oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona bilan bog‘liq.
O‘sha paytda Spot Zeki Obuz O‘zbekistonda biznes yuritgani, keyinchalik u tovarlar kontrabandasi va soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash ayblovlari bilan qamoqqa olingani haqida yozgan edi.
Investitsiyaviy nizo O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida 1992-yilda tuzilgan investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitim asosida qo‘zg‘atilgan. Ish qariyb besh yil davom etgan.
Da’vo arizasi 2021-yil 4-iyunda ro‘yxatga olingan, arbitraj tribunali esa 2022-yil 15-fevralda shakllantirilgan. Tomonlar o‘rtasidagi asosiy eshituvlar 2024-yil 1−10-iyul kunlari Vashingtonda o‘tkazilgan. 2026-yil 19-oktabrda ish yuritish yakunlangan. Oradan bir hafta o‘tib, 26-oktabr kuni tribunal qaror chiqargan.
Avvalroq Spot turkiyalik investorlar O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlariga jalb qilinishi haqida yozgan edi.