Avvalroq Spot 13-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev 2027-yil uchun Davlat budjetining maqsadli ko‘rsatkichlari, asosiy makroiqtisodiy prognozlar hamda budjet-soliq siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgani haqida yozgan edi.

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva prezident huzurida 2027-yilgi davlat budjeti bilan birga, iqtisodiy o‘sishning yangi modeli ham muhokama qilinganini bildirdi.

U asosiy soliq stavkalari kelgusi yilda ham oshirilmasligini qayd etdi. Tadbirkorlarga keng yo‘l ochilib, zamonaviy sanoat rivojlantiriladi hamda yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, iqtisodiyot qancha kuchaysa, odamlar farovonligi uchun ham shuncha ko‘p imkoniyat paydo bo‘ladi. Shu bois, kelgusi yilda Davlat budjetining eng katta qismi ta’lim, tibbiyot va mahallalarni obodonlashtirishga yo‘naltiriladi.

“Bunda asosiy e’tiborimiz raqamli nazorat va ochiqlikni kuchaytirishga qaratiladi. Toki har bir so‘m o‘z o‘rnida ishlatilib, odamlar bu o‘zgarishlar natijasini o‘z oilasida, kundalik hayotida his qilsin”, — deb yozdi u Telegram kanalida.

2027-yilda YIM hajmi $232 mlrd ga yetishi prognoz qilinmoqda. Oltinsiz eksport hajmini qariyb $40 mlrd ga yetkazish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, inflyatsiya darajasini kelasi yilda 6% ga, 2028−2029-yillarda esa 5% gacha pasaytirish nazarda tutilgan.

Taqdimotda kelgusi yilgi Davlat budjeti daromadlarini 416 trln so‘m, xarajatlarini esa 464 trln so‘m miqdorida belgilash nazarda tutilayotgani ma’lum qilindi. Budjet loyihasi iqtisodiy o‘sishning 7% bo‘lishi prognozi asosida shakllantirilmoqda.

Kelasi yildan iqtisodiy o‘sishning yangi modeliga o‘tish rejalashtirilmoqda. U yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, mehnat unumdorligi va eksportni oshirish, ilg‘or texnologiyalarni jalb qilishga qaratiladi.

Buning uchun kimyo, neft-kimyo, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik va farmatsevtika kabi tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha yangi strategiya ishlab chiqilmoqda.

Avvalroq Spot O‘zbekistonning 2025-yildagi YIM hajmi qayta hisob-kitoblardan so‘ng $169 mlrd ga yetgani haqida yozgan edi.