Adliya vazirligi dori vositalarini retsept bilan va retseptsiz beriladigan toifalarga kiritish tartibiga o‘zgartirishlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Endi dorilarni retseptsiz beriladigan toifaga kiritishda ularning mustaqil qo‘llanish xavfsizligi, noto‘g‘ri foydalanish ehtimoli va boshqa mezonlar hisobga olinadi.

Vazirlik tomonidan 2026-yil 12-noyabrda 3430−2-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan hujjatga ko‘ra, dori vositasini retseptsiz beriladigan toifaga kiritishda quyidagi mezonlar baholanadi:

  • tibbiyot xodimining doimiy kuzatuvisiz mustaqil va xavfsiz qo‘llash imkoniyati;
  • noto‘g‘ri foydalanish, dozani oshirib yuborish, suiiste’mol qilish yoki qaramlikni keltirib chiqarish xavfining pastligi;
  • qo‘llash yo‘riqnomasidagi ma’lumotlarning iste’molchi uchun aniq, to‘liq va tushunarli bo‘lishi;
  • farmakonazorat va postmarketing nazorati natijalari;
  • Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan e’tirof etilgan tartibga soluvchi organlar tomonidan ushbu dorining retseptsiz beriladigan toifaga kiritilgani.

Shuningdek, ikki yoki undan ortiq faol modda birikmasidan iborat dori vositalari ham retseptsiz beriladigan toifaga kiritilishi mumkin. Bunda har bir faol moddaning terapevtik hissasi, kombinatsiyaning foyda va xavf nisbati, klinik asoslanganligi, shuningdek, o‘zaro ta’sir, dozani oshirib yuborish va noto‘g‘ri qo‘llash xavflari baholanadi.

Hujjatga ko‘ra, dori vositasini retsept bilan beriladigan toifadan retseptsiz beriladigan toifaga o‘tkazish rad etilgan taqdirda, ariza beruvchi ayrim holatlarda uch yil kutmasdan qayta murojaat qilishi mumkin.

Buning uchun rad etish asoslari bartaraf etilgan yoki dori vositasining xavfsizligi va samaradorligiga oid yangi ma’lumotlar olingan bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari, vakolatli organ yangi xavfsizlik va samaradorlik ma’lumotlari, farmakonazorat va postmarketing nazorati natijalari hamda qonunchilikdagi o‘zgarishlarni hisobga olib, dori vositasining toifasini qayta ko‘rib chiqishi mumkin.

Avvalroq Spot 2027-yildan O‘zbekistonda bepul beriladigan dorilar turi 73 taga yetkazilishi haqida yozgan edi.