2026-yilning birinchi yarmida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Davlat mehnat inspeksiyasiga fuqarolardan o‘zlarining xabarisiz ishga rasmiylashtirilgani haqida 1495 ta murojaat kelib tushdi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.

Murojaatlarni ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra, faoliyat ko‘rsatayotgan 143 ta korxona va tashkilot rahbariga nisbatan ma‘muriy va jinoiy ta‘sir choralari ko‘rildi. Yana 56 ta korxonaga aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha yozma ko‘rsatmalar berildi.

Tekshiruvlar davomida murojaatlarda tilga olingan tashkilotlarning bir qismi tugatilgani ham ma‘lum bo‘ldi. Bunday hollarda inspeksiya Yagona milliy mehnat tizimidan (YMMT) fuqarolarning 2020−2025-yillar oralig‘ida kiritilgan mehnat faoliyati to‘g‘risidagi noto‘g‘ri ma‘lumotlarni o‘chirib, shu tariqa ularning huquqlarini tikladi.

Idora o‘z roziligisiz ishga joylashtirilgani haqidagi ma‘lumotlarni aniqlagan fuqarolar Davlat mehnat inspeksiyasiga murojaat qilishlari mumkinligini eslatdi. Buning uchun 1176 qisqa raqami hamda @munosibmehnat_bot rasmiy Telegram-boti ishlab turibdi.

Inspeksiya har bir murojaat qonunchilikka muvofiq ko‘rib chiqilishini va shundan so‘ng zarur choralar ko‘rilishini ta‘kidladi.

Spot, avvalroq, oliygoh bitiruvchilarini ishga olgan tadbirkorlar uchun 1%lik soliq stavkasi joriy etilishi haqida yozgandi.