Avvalroq prezident yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.
Davlat rahbari oliygoh bitiruvchisini ishga olgan tadbirkorga yosh mutaxassis uchun daromad va ijtimoiy soliq bir yil ichida 1% etib belgilanishini e‘lon qildi. Bu 200 mingga yaqin oliygoh bitiruvchisini ishga olgan tadbirkorlar uchun katta rag‘batga aylanadi.
Hozirda ijtimoiy reyestrga kirmagan, lekin ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, harbiy xizmat, migratsiya va jazoni o‘tab qaytgan, jismoniy imkoniyati cheklangan yana 1 mln yoshlar bor. Bunday yoshlar bilan ishlash bo‘yicha Kafolatlangan birinchi qadam paketi joriy etiladi.
Bu jarayonda ustoz-talaba dasturi asosida uyushmagan yoshlarni o‘qitib, oliygohga kirishiga ko‘maklashgan talabalarga magistraturaga kirishda qo‘shimcha ball, davlat stipendiyalarini olishda ustuvorlik beriladi.
Hozirda savdo, servis, ishlab chiqarish sohalarida o‘z brendiga ega minglab yoshlar bor. Prezident ularni uyushmagan tengdoshlariga biznesni o‘rgatishga, o‘z brendi asosida ishlashga sharoit yaratib, daromad topishiga ko‘maklashishga chaqirdi.
Shu maqsadda Yoshlar mini-franshizasi dasturi ishga tushiriladi. Ularga faoliyatini kengaytirish uchun imtiyozli shartlarda yer va kredit beriladi.
Mahalliy brendlar franshizasini oladigan yigit-qizlarga Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasidan 300 mln so‘mgacha foizsiz ssuda ajratiladi. Mazkur dasturlarni moliyalashtirish uchun 500 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Spot, avvalroq, 31 yoshgacha bo‘lgan yoshlarga 100 mln so‘mgacha imtiyozli mikroqarz berilishi haqida yozgandi.