Prezidentning tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali yoshlar bandligini ta‘minlashga qaratilgan qarori qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, Aloqabank tomonidan Yoshlar biznesi dasturi doirasida 31 yoshga to‘lmagan fuqarolarga 7 yilgacha muddatga kreditlar ajratiladi. Bunda asosiy qarz bo‘yicha 1 yilgacha, foiz to‘lovlari bo‘yicha esa 3 oygacha imtiyozli davr beriladi.
Kreditlar Markaziy bankning asosiy stavkasidan (14%) 4 foizlik punkt yuqori stavkada ajratiladi.
Shuningdek, sug‘urta polisi yoki uchinchi shaxs kafilligi asosida 100 mln so‘mgacha imtiyozli mikroqarzlar beriladi.
Jumladan, xorijiy tillar, raqamli texnologiyalar va zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rganish xarajatlarini moliyalashtirish uchun 20 mln so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.
Ijtimoiy tarmoqlar marketingi, mobilografiya, frilanserlik, internet-do‘konlar tashkil etish va o‘zini o‘zi band qilish faoliyati bilan bog‘liq loyihalar uchun esa 50 mln so‘mgacha mikroqarz olish mumkin bo‘ladi.
Kasanachilik, tikuvchilik, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, mahsulotlarni qayta ishlash va sotish loyihalariga ham 50 mln so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.
Novvoychilik hamda qandolat mahsulotlarini tayyorlash va sotish bilan shug‘ullanuvchi yoshlar esa 100 mln so‘mgacha imtiyozli mikroqarz olishi mumkin bo‘ladi.
O‘tgan yilning fevralida prezident qarori bilan Yoshlar biznesi dasturi joriy etilgandi. Unda o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga 100 mln so‘mgacha imtiyozli mikroqarz berilishi belgilangan edi.
Joriy yilning fevralida prezidentning yoshlar bilan muloqotida mazkur kredit miqdori 300 mln so‘mga oshirilishi aytilgandi. Shuningdek, yosh tadbirkorlar loyihalariga 10 mlrd so‘mgacha kredit ajratilishi taʼkidlangan.
Spot, avvalroq, Top-300 xorijiy OTMlarga kirganlar uchun $20 minggacha taʼlim krediti berilishi haqida yozgandi.