Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari bugungi kunning muvaffaqiyat formulasi va ertangi taraqqiyot zamini uchta ustunga tayanishini taʼkidladi. Bu — bilim, kasb va texnologiya.
“Mening niyatim — har bir yigit-qiz ana shunday imkoniyatga ega bo‘lib, hayotda munosib o‘rnini topsin”, — dedi prezident.
Shuning uchun har yili 500 ming yoshni zamonaviy kasbga ega bo‘lishini ta‘minlaydigan Kelajak bilimlari ekotizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Hududlarda “O‘quv markazi qurib, yoshlarga kasb va til o‘rgataman” degan yoshlar ko‘paymoqda. Endi bu maqsadlar uchun yer va davlat obyektlari imtiyozli narxda auksionga chiqariladi.
Yoshlar to‘lovni besh yilda foizsiz bo‘lib to‘laydi. Infratuzilmaga zarurat bo‘lsa, davlat qilib beradi. O‘quv markazini qurish va jihozlash uchun kredit stavkasining 7%i kompensatsiya qilinadi.
Yoshlar o‘quv markazlariga xorijiy ilg‘or o‘quv dasturlari va o‘qituvchilarni olib kelsa, davlat ushbu xarajatning yarmini qoplashga ham tayyor.
Qo‘lida kasbi bo‘lib, xalqaro talablar asosida yangi ko‘nikmalarni egallamoqchi bo‘lgan yoshlarga kasb vaucherini berish yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu kasb vaucheri foizsiz ssuda shaklida bo‘lib, har yili 50 ming nafar yoshning zamonaviy kasblarni o‘rganish xarajatlari qoplab beriladi.
Ehtiyojmand oilalardagi 85 ming ishsiz yoshlar xususiy o‘quv markazida kasb egallashi uchun bepul vaucher taqdim etiladi.
Shu yilning o‘zida kasb vaucheri va bepul vaucher tizimi uchun 120 mlrd so‘m ajratiladi. Talab bo‘lsa, ushbu mablag‘ ko‘paytirib boriladi.
Xorijiy tilni puxta o‘rganib, yuqori natija bilan sertifikat olgan yoshlarga bu xarajatini qoplash tizimi o‘zini oqladi. Prezident buni xalqaro kasb sertifikatini olganlarga ham tatbiq qilishni taklif etdi.
Yoshlarga kasb o‘rgatishning eng muhim bo‘g‘ini bo‘lgan texnikumlarda xususiy sektor ishtiroki yanada kengaytiriladi.
Buning uchun texnikum ochishdagi litsenziya sharti soddalashtirilib, 20 dan ortiq talab bekor qilinadi. Yangi o‘quv yilidan xususiy texnikumlarga ham kasbga o‘qitish bo‘yicha davlat granti beriladi.
Xalqaro kasb tanlovlarida g‘olib bo‘lgan davlat va xususiy texnikum o‘quvchilari 100 mln so‘mdan, ularni tayyorlagan ustozlari 50 mln so‘mdan mukofot oladi.
Spot, avvalroq, yoshlarni ish bilan ta’minlayotgan tadbirkorlarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilishi haqida yozgandi.