Banklarga Xitoy, Hindiston va Indoneziya kabi mamlakatlarning to‘lov tizimlari bilan integratsiyani ta’minlash topshirildi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning Parkentda turizm va qurilish materiallari sohasi vakillari bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.

Uchrashuvda sayyohlar uchun qulay to‘lov xizmatlarini yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistonda Apple Pay va Google Pay xalqaro to‘lov tizimlari ishga tushgani qayd etildi.

Toshkent va Samarqandda mingtadan, Buxoro va Xorazmda 500 tadan, qolgan hududlarda 200 tadan ko‘chma savdo nuqtasi tashkil etiladi.

Ular mehmonxona, muzey, teatr, vokzal va xiyobonlar atrofida suvenir, ichimlik va tez tayyor taomlar sotadi. Hokimlarga bir oy ichida bunday nuqtalar uchun joylar, harakat yo‘nalishlari, ish vaqti va yagona dizayn talablarini tasdiqlash topshirildi.

Uchrashuvda xalqaro aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish ham turizmning muhim omili sifatida belgilandi.

Hozir O‘zbekistondan dunyoning 102 ta shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar bor. Biroq Avstraliya hamda Shimoliy va Sharqiy Yevropaning ayrim davlatlaridan sayyohlar hali ham tranzit yo‘nalishlar orqali kelmoqda.

Kelasi oydan Turkiyaning Pegasus aviakompaniyasi Buxoro, Termiz va Andijonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar ochadi. Turk havo yo‘llari, Etihad Airways va Flynas ham yangi yo‘nalishlarga qiziqish bildirmoqda.

Mutasaddilarga “beshinchi havo erkinligi” rejimidan foydalangan holda xorijiy aviakompaniyalar bilan muzokaralarni faollashtirish topshirildi.

Avvalroq BAAning Emirates aviakompaniyasi O‘zbekistonga reyslar ochish imkoniyatini o‘rganayotgani haqida yozgandi.