Ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘istonning O‘zbekistonga tutash chegara bojxona postlariga kirishda yuk avtotransport vositalari to‘planib qolgani aks etgan video tarqaldi. Bojxona qo‘mitasi holat yuzasidan izoh berdi.
Qayd etilishicha, video bir necha kun avval internetning qozoq segmentida tarqalgan bo‘lib, buni qozog‘istonlik hamkasblar ham tasdiqlagan. Ayni vaqtda ikki davlat o‘rtasidagi chegara o‘tkazish punktlari odatiy rejimda ishlamoqda.
Turkiston viloyati Davlat daromadlari departamenti O‘zbekiston bilan chegaradagi o‘tkazish punktlarida yuk mashinalari navbati bo‘yicha ma’lumotlarni har 24 soatda e’lon qilib bormoqda. 20-noyabr kuni soat 9:00 holatiga ko‘ra, “B. Qonisboyev” avtomobil o‘tkazish punktida 100 ta yuk mashinasi navbatda turgan.
Mazkur post va unga tutash O‘zbekistonning “Yallama” chegara bojxona posti orqali sutkasiga 1,5 mingdan ortiq yuk avtotransport vositasi harakatlanishini hisobga olganda, bu normal holat hisoblanadi.
Umuman, joriy yilda O‘zbekiston-Qozog‘iston chegara o‘tkazish punktlari orqali harakatlangan yuk avtotransport vositalari soni kutilganidan ham oshgan. 2021-yilda ikki davlat chegara-bojxona postlari orqali sutkasiga 1165 ta yuk mashinasi o‘tgan bo‘lsa, 2026-yil noyabriga kelib bu ko‘rsatkich 3130 taga yetdi. Bu 2,7 barobar o‘sishni anglatadi.
Videolarda aks etgan yuk mashinalarining asosiy qismi ikki davlat hududidan tranzit tarzida harakatlanayotgan yuklarni tashimoqda. Tranzit yuklar oqimining oshishi Qozog‘istonning Xitoy bilan chegaradagi “Xorgos” o‘tkazish punktini 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazgani bilan bog‘liq.
Natijada Xitoydan tovarlarni olib kirish jarayonlari sezilarli darajada jadallashgan. Xususan, O‘zbekiston orqali Turkmaniston, Tojikiston va boshqa davlatlarga tranzit tartibida tashilayotgan tovarlar hajmi oshgan.
Bundan tashqari, geosiyosiy va iqtisodiy vaziyat, shuningdek, boshqa an’anaviy savdo-logistika yo‘nalishlaridagi cheklovlar xalqaro logistika zanjirlarining qayta yo‘naltirilishiga sabab bo‘lmoqda.
Chegara o‘tkazish punktlarida navbatlar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida O‘zbekiston va Qozog‘iston bojxona xizmatlari o‘rtasida doimiy axborot almashinuvi va faol muloqot yo‘lga qo‘yilgan.
Avvalroq Spot G‘ishtko‘prik va Dovut ota bojxona postlarini dekabr oyida ochish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.