Jizzax viloyatining Egizbuloq mahallasidagi 200 gektar maydonda alohida soliq va bojxona rejimiga ega maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Parkentda qurilish materiallari sohasi vakillari bilan uchrashuvda ma’lum qildi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Zonada stansiya qurilishi uchun zarur 70 turdagi yangi mahsulotni ishlab chiqarish vazifasi qo‘yildi.
Ta’kidlanishicha, atom elektr stansiyasi qurilishida $2,2 mlrd lik qurilish materiallari ishlatilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, import o‘rnini bosuvchi va megaloyihalarda ishlatiladigan mahsulotlarga bo‘lgan talabni tahlil qilib, $20 mlrd lik loyihalarning tarmoq jadvalini tasdiqlash topshirildi.
Kelasi yildan qo‘shilgan qiymati yuqori yangi mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalariga ikki yillik imtiyozli davr bilan yillik 6% stavkada $200 mln resurs ajratiladi.
Korxonalarga energiya tejovchi uskunalar xarid qilish xarajatlarining 10% ini, lekin 1 mlrd so‘mdan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplab berish mexanizmi ham joriy qilinadi.
O‘zbekistonning ilk atom elektr stansiyasi Jizzax viloyatining Forish tumanida Rosatom bilan hamkorlikda qurilmoqda. Loyiha qiymati $9,5 mlrd ni tashkil qiladi. Bir maydonda har biri 1000 MVt quvvatli ikkita yirik va har biri 55 MVt quvvatli ikkita kichik reaktor quriladi. To‘liq ishga tushgach, stansiya yiliga 17 mlrd kVt·soat elektr energiyasi, ya’ni mamlakat iste’molining 15% igacha qismini ishlab chiqaradi.
Birinchi kichik reaktorni texnik ishga tushirish 2029-yil oktabr-noyabriga, birinchi yirik reaktorni ishga tushirish 2033-yilga rejalashtirilgan. Loyiha to‘liq 2034−2035-yillarda yakunlanadi. Rosatom ma’lumotiga ko‘ra, 2027-yilda qurilish kengaytirilib, ishchilar soni hozirgi 1 mingdan 12−13 ming nafargacha oshiriladi.
17-avgust kuni Mirziyoyev O‘zbekistonda ikkinchi atom elektr stansiyasi qurilishiga tayyorgarlik boshlanganini e’lon qildi. Prezident bu loyiha qaysi davlat bilan amalga oshirilishini ochiqlamagan. Iyun oyida u, shuningdek, Rossiya bilan amaldagi AES loyihasi oxirgisi bo‘lmasligini va mamlakat atom energetikasini rivojlantirishda davom etishini aytdi.
8-sentabr kuni Belgradda bo‘lib o‘tgan Serbiya — O‘zbekiston biznes-forumida Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich O‘zbekistonda ikkinchi AESni Xitoy bilan hamkorlikda qurish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
Vuchichning so‘zlariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev atom energetikasini rivojlantirish rejalari haqida gapirgan. Biroq ikkita AES ham kelajakdagi elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qoplamasligi mumkin. Bunga ma’lumotlar markazlari, sun’iy intellekt, innovatsion loyihalar va elektromobillarga talab ortishi sabab bo‘lmoqda.
Sentabrda Shavkat Mirziyoyev loyihada mahalliy mahsulotlar ulushini 21% ($1,9 mlrd) dan kamida 30% ga oshirishni topshirgan. O‘shanda Forish tumanida qurilish materiallariga ixtisoslashgan 200 gektarlik sanoat zonasi tashkil etish va unda kamida 100 ta qo‘shma korxonani joylashtirish taklif qilingan edi.
Avvalroq Spot Turkiyaning Betek kompaniyasi Zangiotada $30 mln lik lok-bo‘yoq zavodi qurishi haqida yozgandi.