Shavkat Mirziyoyev 2-sentabr kuni Jizzax viloyatida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi hamda unga yondosh atomchilar shaharchasini barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha joriy yil 4-iyundan faol qurilish bosqichiga o‘tdi. Hozirgacha reaktor binosi uchun kotlovan qazish ishlari yakunlanib, 1 mln kub metrdan ortiq tuproq chiqarilgan. Poydevor plitasining bir qismiga 916 kub metr beton quyildi. Qurilish-montaj bazasidagi 100 gektar maydonda yer ishlari bajarildi. 450 nafar ishchi va mutaxassis hamda 100 dan ziyod maxsus texnika ishlamoqda.

Umumiy qiymati $9,5 mlrdni tashkil etuvchi loyihaning qurilish jarayonida 3 mingga yaqin turdagi mahsulot va uskunalardan foydalaniladi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, unda mahalliy mahsulotlar ulushi 21% yoki $1,9 mlrdni tashkil etadi.

aes, atom elektr stansiyasi, atomchilar shaharchasi, shavkat mirziyoyev

Davlat rahbari bu ko‘rsatkich yetarli emasligini ta’kidlab, uni kamida 30% ga yetkazish vazifasini qo‘ydi. Shuningdek, qurilish-montaj ishlarining 65%ini milliy korxonalar bajarishi va 7 ming nafar mahalliy ishchi va mutaxassis jalb etilishi vazifasi berildi.

Buning uchun Forish tumanida 200 gektar maydonda qurilish materiallariga ixtisoslashgan sanoat zonasini tashkil etish taklif qilindi. Unda kamida 100 ta qo‘shma korxonani joylashtirish va texnologiyalar transferi orqali 15 ta yo‘nalishda mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan.

Prezident ushbu taklifni ma’qullab, sanoat zonasi ishtirokchilariga soliq va bojxona imtiyozlarini tatbiq etish bo‘yicha qaror loyihasini yil yakuniga qadar kiritishni topshirdi.

Bunda qurilish sifati va xavfsizligi eng ustuvor masala bo‘lishi shartligi, barcha ishlar MAGATE talablari va xalqaro standartlarga to‘liq muvofiq amalga oshirilishi ta’kidlandi.

Taqdimotda joriy yil 22−26-iyun kunlari MAGATEning kompleks baholash missiyasi o‘tkazilib, O‘zbekiston milliy yadroviy infratuzilmasining rivojlanish holatiga yuqori baho berilgani qayd etildi.

aes, atom elektr stansiyasi, atomchilar shaharchasi, shavkat mirziyoyev

Stansiyaning tashqi muhandislik infratuzilmasini barpo etish doirasida 388 km elektr tarmoqlari, 110 kVli podstansiya, 21 km ichimlik va 120 km texnik suv quvurlari, 39,5 km avtomobil hamda 11 km temir yo‘l quriladi. Davlat rahbari ushbu obyektlar qurilishida mahalliy mahsulot va xizmatlar ulushini 60−70% darajasida ta’minlash zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.

Qurilish davrida ishchi va mutaxassislar hamda ularning oilalarini munosib yashash sharoiti bilan ta’minlash maqsadida atomchilar shaharchasini barpo etish rejasi ham ko‘rib chiqildi.

200 gektar maydonda qariyb 33 ming aholiga mo‘ljallangan 10 mingga yaqin, shu jumladan, birinchi bosqichda 3 mingta xonadonli turar joylar qurilishi ko‘zda tutilgan.

Shaharchada energiya samarador ko‘p qavatli uylar, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari, tibbiyot, sport va madaniyat obyektlari, dam olish maskanlari hamda keng yashil hududlar bo‘ladi. Qurilishda zamonaviy issiqlik himoyasi, muqobil energiya va “aqlli” yoritish yechimlaridan foydalaniladi.

Loyihani boshqarish va texnik nazoratni kuchaytirish, texnologik yechimlarni mustaqil ekspertizadan o‘tkazish uchun yetakchi xorijiy injiniring kompaniyalari ishtirokida qo‘shma korxona tashkil etish taklifi bildirildi. Shuningdek, qariyb mingta sohaviy standartni milliy tizimga moslashtirish va amaliyotga joriy etish belgilandi.

Stansiyani kelgusida boshqaradigan yuqori malakali operatorlar, muhandislar va radiatsiya xavfsizligi mutaxassislarini hozirdan maqsadli tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.

aes, atom elektr stansiyasi, atomchilar shaharchasi, shavkat mirziyoyev

Rossiya milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent shahridagi filialini 2023-yildan buyon 216 nafar talaba bitirgan. Ularning 83 nafari Xitoy, Vengriya, Fransiya, Italiya va Koreyaning yetakchi oliygohlarida magistratura va aspiranturada o‘qiydi. Yana 100 nafar mutaxassis O‘zbekistonning 4 ta oliy ta’lim muassasasida tayyorlanmoqda.

O‘zatom agentligi va AES qurilishi direksiyasining vazifalari kengayib borayotganidan kelib chiqib, ularning tashkiliy va kadrlar salohiyatini bosqichma-bosqich mustahkamlash takliflari ham ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari atom stansiyasi va atomchilar shaharchasi qurilishini yuqori sifatda, xavfsiz va belgilangan muddatlarda amalga oshirish, mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish, infratuzilma hamda kadrlar tayyorlash ishlarini uyg‘un tashkil etish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda ikkinchi AES qurilishiga “katta tayyorgarlik” boshlanganini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.