Avvalroq Spot O‘zbekistonda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining birinchi energiya blokini qurish ishlari boshlangani haqida yozgandi. Jarayonga Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin start berdi.

Vladimir Putin videokonferensiya orqali bo‘lajak AESning birinchi energobloki poydevoriga beton quyishning boshlanishi ishning amaliy bosqichga o‘tishini anglatishini aytdi.

Har biri 1000 MVt bo‘lgan ikkita yirik 3+ avlod reaktorlari va har biri 55 MVt bo‘lgan ikkita kichik energoblokni o‘z ichiga olgan integratsiyalashgan stansiyaning O‘zbekiston tomonidan tanlangan “noyob sxemasi” “dunyoda o‘xshashi yo‘q va AESni maksimal darajada quvvatli va samarali qilish imkonini beradi”.

Ishga tushirilgandan so‘ng AES har yili qariyb 17 mlrd kVt/soat energiya ishlab chiqarib, O‘zbekiston energiya iste’molining 15%ini ta’minlaydi. “Bu mamlakatning va umuman butun Markaziy Osiyoning energetika xavfsizligini mustahkamlashga haqiqiy hissa qo‘shadi”, — dedi Rossiya prezidenti.

Rosatom AES qurilishida MAGATEning barcha qat’iy xavfsizlik standartlari va ekologik talablarini hisobga olgan holda “eng zamonaviy texnologiyalar va muhandislik yechimlarini” qo‘llashga tayyorlanmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha O‘zbekistondagi ko‘plab korxonalarni turdosh buyurtmalar bilan ta’minlaydi: yangi ish o‘rinlari yaratiladi, montaj ishlariga, materiallar yetkazib berishga, transport va boshqa xizmatlar ko‘rsatishga mahalliy pudratchilar faol jalb etiladi. Qurilish maydonchasida jami 15 mingga yaqin kishini ishlatish rejalashtirilgan.

“Rossiya nafaqat atom elektr stansiyasini quradi, balki o‘zbekistonlik hamkorlarga imtiyozli eksport kreditini taqdim etadi, shuningdek, stansiyaning butun hayotiy sikli davomida qo‘llab-quvvatlaydi. Bu reaktor yoqilg‘isini uzoq muddatli yetkazib berish, servis va texnik xizmat ko‘rsatish, ishlatilgan yadroviy materiallarni qayta ishlash majburiyatlarini o‘z ichiga oladi. Aslida, mamlakatimiz ko‘magida O‘zbekistonda milliy yuqori texnologiyali yadro sanoati shakllanmoqda”, — dedi Putin.

Rossiya prezidenti Rosatom o‘zbekistonliklarga energetika, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va boshqa sohalarda foydalanish mumkin bo‘lgan noyob tinch atom texnologiyalarini taqdim etishini ma’lum qildi.

Shuningdek, Rossiya O‘zbekistonga bo‘lajak stansiya uchun malakali muhandis kadrlar, texnik va boshqaruv kadrlarini tayyorlashda ko‘maklashadi. Hozirda Rossiya oliy o‘quv yurtlarida atom energetikasi bilan bog‘liq yo‘nalishlarda 400 ga yaqin o‘zbekistonlik tahsil olmoqda, yana 300 dan ortig‘i MMFI Milliy tadqiqot yadro universiteti Toshkent filialida tahsil olmoqda.

O‘z navbatida, Shavkat Mirziyoyev AES to‘liq loyiha quvvatiga chiqqach, O‘zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqarishga salmoqli hissa qo‘shishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu loyiha kichik modulli atom generatsiyasi va yirik bazaviy energetika sohasidagi so‘nggi yutuqlarni o‘zida mujassam etgan bo‘lib, dunyoda o‘xshashi yo‘q.

“Shu bilan birga, xavfsizlik biz uchun mutlaq va so‘zsiz ustuvor vazifadir. Stansiya qurilishi, uni foydalanishga tayyorlash eng zamonaviy xalqaro standartlar, ilg‘or muhandislik yechimlari asosida va MAGATEning doimiy nazorati ostida amalga oshirilmoqda”, — dedi u.

Tinch atom

2025-yil sentabr oyida O‘zatom va Rosatom O‘zbekistondagi AES loyihasining yangi konfiguratsiyasi — ikkita katta quvvatli energoblok va ikkita kichik quvvatli atom stansiyasi blokidan iborat tarkib bo‘yicha kelishib olgandi.

Qo‘shimcha kelishuv loyiha tarkibiga 3+ avlodiga mansub VVER-1000 asosidagi ikkita katta quvvatli energoblok hamda har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan RITM-200N reaktorli ikkita energoblok kiritilishini nazarda tutadi.

Shu tariqa, integratsiyalashgan AESning umumiy quvvati 2,1 GVt dan oshadi: katta stansiyaniki — 2 GVt, kichiginiki — 110 MVt.

Oktabr oyida O‘zbekistonda kichik AES qurilishining asosiy bosqichi boshlandi. Jizzax viloyatidagi qurilish maydonchasida RITM-200N reaktorli energoblok poydevori uchun kotlovan qazish ishlariga kirishildi.

Joriy yil mart oyida Jizzax viloyatidagi AES qurilish maydonida dastlabki beton ishlari boshlandi. Ishlar yakuniga ko‘ra, gidroizolyatsiya va yerga ulash tizimiga ega reaktor binosi poydevori tayyorlanadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Rossiya integratsiyalashgan AES qurilishi bo‘yicha shartnomaga qo‘shimcha kelishuv imzoladi. Loyiha kichik va katta quvvatli atom stansiyalarini bir vaqtning o‘zida joylashtirishni nazarda tutadi.

Qo‘shimcha bitimga ko‘ra, loyiha tarkibiga 3+ avlod VVER-1000 asosidagi ikkita katta quvvatli energoblok va har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan RITM-200N reaktorli ikkita energoblok kiradi. Shunday qilib, integratsiyalashgan AESning umumiy quvvati 2,1 GVt dan oshadi: katta stansiya — 2 GVt, kichik — 110 MVt.


Avvalroq O‘zatom direktori Azim Axmedxadjayev O‘zbekistonda AES elektri narxi kVt/soat uchun 1000 so‘mdan past bo‘lishini ma’lum qilgandi.