O‘zbekistonda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining birinchi energiya blokini qurish ishlari boshlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
4-iyundan 5-iyunga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tgan marosim Jizzax viloyatining Forish tumanidadagi qurilish maydonini Sankt-Peterburg bilan bog‘lagan teleko‘prik shaklida tashkil etildi.
Jizzax viloyatining Forish tumanida integratsiyalashgan AESning birinchi energoblokiga tantanali ravishda tamal toshi qo‘yildi. “Birinchi beton"ning ramziy quyilishi stansiya qurilishining rasman boshlanganini ko‘rsatdi.
Jarayonga Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin start berdi. Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bosh direktori Rafael Grossi ishtirokchilarga tabrik so‘zi bilan murojaat qildi.
Tadbir davomida O‘zatom agentligi direktori Azim Axmedxo‘jayev va Rosatom davlat korporatsiyasi rahbariyati loyihani amalga oshirish bo‘yicha axborot berdi. Ma’ruzalardan so‘ng prezident, O‘zatom direktori, Rosatom vakillari, MAGATE bosh direktori va MMFI Milliy tadqiqot yadro universiteti Toshkent filiali talabalari ramziy tugmani bosish orqali integratsiyalashgan AESning birinchi energobloki qurilishiga rasman start berdi.





Davlat rahbari Vladimir Putin va Rafael Grossiga ushbu loyihaning ro‘yobga chiqarilishini shaxsan qo‘llab-quvvatlaganlari va ko‘rsatilgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi. O‘zbekistonda birinchi AESni barpo etishda ishtirok etayotgan O‘zbekiston va Rossiya mutaxassislariga birgalikdagi sa’y-harakatlar va yuksak professionallik uchun alohida tashakkur aytildi.
Mazkur loyihaning amalga oshirilishi O‘zbekistonning texnologik, industrial va ilmiy taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berib, yangi tarmoq — atom energetikasini rivojlantirish uchun asos yaratishi qayd etildi. Loyiha kichik modulli atom generatsiyasi hamda yirik hajmli energetika sohasidagi eng so‘nggi yutuqlarni o‘zida mujassam etgani aytildi.
O‘zbekiston yetakchisi xavfsizlik loyihaning mutlaq va so‘zsiz sharti ekanini alohida ta’kidladi. Stansiyani qurish va uni ekspluatatsiyaga tayyorlash ishlari eng zamonaviy xalqaro standartlar, ilg‘or muhandislik yechimlari asosida hamda MAGATEning doimiy nazorati ostida bajarilmoqda.
O‘zatom'ning ta’kidlashicha, birinchi betonning quyilishi (boshlang‘ich bosqichda 133 kub metr aralashma, umumiy hajmi 10 ming kub metrdan ortiq) obyektga MAGATE xalqaro standartlariga muvofiq qurilayotgan AES rasmiy maqomini beradi.




