O‘zbekistonda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini qurish qiymati $9,5 mlrdni tashkil etadi. Bu haqda 4-iyun kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi (O‘zatom) direktori Azim Axmedxadjayev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalroq OAVda loyiha qiymati va kichik atom stansiyalarining qimmatligi haqida savollar ko‘tarilgan. Uning ta’kidlashicha, prezident tashabbusi bilan yagona infratuzilmadan foydalangan holda bir vaqtning o‘zida ikkita kichik va ikkita katta reaktorni yagona maydonda joylashtirish yondashuvi tanlangan bo‘lib, bu xarajatlarni optimallashtirish imkonini beradi.
“Biz imzolagan shartnomaga ko‘ra [2026-yil 24-mart], bizning asosiy narximiz $9,5 mlrdni tashkil etadi. Bu umumiy summa, maksimal miqdor”, — dedi O‘zatom rahbari.
Shu bilan birga, u e’lon qilingan $9,5 mlrd miqdorida 30% ga yetkazish rejalashtirilgan mahalliylashtirish darajasi hisobga olinmaganini ta’kidladi. Bu mahalliy ishlab chiqaruvchilarni jalb qilishni nazarda tutadi va loyiha qiymatini yanada optimallashtirish imkonini beradi.
Loyihani moliyalashtirish uchun O‘zbekiston yaqin kelajakda integratsiyalashgan AES qurilishini moliyalashtirishda ishtirok etishga qiziqish bildirgan BRIKSning Yangi taraqqiyot banki bilan muzokaralar o‘tkazadi. Shuningdek, boshqa davlatlar bilan ham muzokaralar olib borilmoqda.
Bundan tashqari, loyihani amalga oshirishga qisman davlat byudjeti ham jalb etiladi, bu asosan kredit mablag‘larini jalb qilish hisobiga bo‘ladi.
“Biz loyiha qiymatining 85−90%ini kredit mablag‘lari hisobidan jalb qilmoqchimiz. Xalqaro „Katta to‘rtlik“ (Big Four) hamkorlari bilan birgalikda o‘tkazilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, agar loyihaga shuncha mablag‘ kiritilsa, uning budjetga ta’siri $165 mlrddan oshadi. Qo‘shimcha xizmatlar paydo bo‘ladi, shuningdek soliq tushumlari ham ko‘payadi. Shuning uchun bu loyiha juda samarali deb hisoblanadi”, — deya xulosa qildi Axmedxadjayev.
Tinch atom
2025-yil sentabr oyida O‘zatom va Rosatom O‘zbekistondagi AES loyihasining yangi konfiguratsiyasi — ikkita katta quvvatli energoblok va ikkita kichik quvvatli atom stansiyasi blokidan iborat tarkib bo‘yicha kelishib olgandi.
Qo‘shimcha kelishuv loyiha tarkibiga 3+ avlodiga mansub VVER-1000 asosidagi ikkita katta quvvatli energoblok hamda har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan RITM-200N reaktorli ikkita energoblok kiritilishini nazarda tutadi. Shu tariqa, integratsiyalashgan AESning umumiy quvvati 2,1 GVt dan oshadi: katta stansiyaniki — 2 GVt, kichiginiki — 110 MVt.
Oktabr oyida O‘zbekistonda kichik AES qurilishining asosiy bosqichi boshlandi. Jizzax viloyatidagi qurilish maydonchasida RITM-200N reaktorli energoblok poydevori uchun kotlovan qazish ishlariga kirishildi.
Joriy yil mart oyida Jizzax viloyatidagi AES qurilish maydonida dastlabki beton ishlari boshlandi. Ishlar yakuniga ko‘ra, gidroizolyatsiya va yerga ulash tizimiga ega reaktor binosi poydevori tayyorlanadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Rossiya integratsiyalashgan AES qurilishi bo‘yicha shartnomaga qo‘shimcha kelishuv imzoladi. Loyiha kichik va katta quvvatli atom stansiyalarini bir vaqtning o‘zida joylashtirishni nazarda tutadi.
Qo‘shimcha bitimga ko‘ra, loyiha tarkibiga 3+ avlod VVER-1000 asosidagi ikkita katta quvvatli energoblok va har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan RITM-200N reaktorli ikkita energoblok kiradi. Shunday qilib, integratsiyalashgan AESning umumiy quvvati 2,1 GVt dan oshadi: katta stansiya — 2 GVt, kichik — 110 MVt.
Avvalroq SpotShavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin O‘zbekistondagi AES qurilishiga start bergani haqida yozgandi.