Claude chatbotini ishlab chiquvchi Anthropic kompaniyasi Nasdaq birjasidagi debyutida qariyb $2 trln bozor qiymatiga erishdi, deya xabar berdi Reuters nashri.

Bu SI sektoriga investorlar qiziqishi yuqori ekanini ko‘rsatsa-da, aksiyalarning savdo davomida keskin o‘zgarishi texnologiya bozoridagi noaniqliklarni ham namoyon etdi.

19-noyabr kuni Anthropic aksiyalari IPO doirasida $83 dan joylashtirildi. Savdolar boshlanishida ular $111,50 gacha ko‘tarilib, dastlabki narxdan 34% yuqori bo‘ldi. Kun davomida o‘sishning bir qismi qaytarildi va aksiyalar $97,17 da yopildi. Bu IPO narxidan 17% yuqori.

Kompaniya 980 mln dona aksiyani $83 dan sotib, IPO orqali $81,3 mlrd jalb qildi. Aksiyalarni joylashtirish narxi dastlab belgilangan $70−78 diapazonidan yuqori bo‘ldi. Anthropic’ning to‘liq suyultirilgan bozor qiymati savdo davomida qariyb $2 trln ga yetdi.

Anthropic’ning birjaga chiqishi AI sohasidagi kompaniyalar uchun muhim mezon bo‘lishi kutilmoqda. U ilg‘or AI modellarini ishlab chiquvchi, birjada savdo qilinadigan ilk kompaniya sifatida sektorning boshqa ishtirokchilari uchun ham benchmark vazifasini bajarishi mumkin.

Biroq SI bozoridagi ishtiyoq so‘nggi haftalarda biroz pasaydi. Investorlar texnologiyaning iqtisodiy salohiyatiga ishonish bilan birga, ma’lumotlar markazlari qurilishi, chiplar va hisoblash quvvatiga sarflanayotgan katta mablag‘lar, shuningdek, qarz yukining ortishi bilan bog‘liq xavotirlarni ham baholamoqda.

Anthropic kompaniyasining o‘sishi hozircha bu xavotirlarni qisman yumshatmoqda. Shunga qaramay, ayrim investorlar kompaniyaning uzoq muddatli daromadliligi hali aniq emasligini ta’kidlamoqda.

Anthropic’ning uchinchi chorakdagi daromadi ikkinchi chorakka nisbatan 47% ga oshdi. Shu bilan birga, daromad o‘sish sur’ati avvalgi chorakka qaraganda sekinlashgan, kompaniyaning sof zarari esa qisqargan.

Kompaniya Amazon va Google kabi hamkorlar bilan hisoblash quvvatini ta’minlash bo‘yicha qariyb $900 mlrd lik majburiyatlarga ega. Bu AI modellarini ishlab chiqish va ishlatish uchun katta infratuzilma xarajatlari zarurligini ko‘rsatadi.

Anthropic rahbari Dario Amodei kelajakda qarz bozorlaridan ham mablag‘ jalb qilish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini aytdi. U kompaniya kelgusida investitsion darajadagi kredit reytingiga ega bo‘lishni va qarz instrumentlaridan foydalanishni umid qilayotganini bildirdi.

Anthropic IPOsi orqali jalb qilingan mablag‘lar, shuningdek, xususiy joylashtirishda qatnashgan yirik texnologik kompaniyalar investitsiyalari bilan birga, SI infratuzilmasiga kapital oqimini kuchaytirdi. Xususiy joylashtirishda AMD, Broadcom, Google, Micron, Microsoft, Nvidia va TSMC qatnashgan.

Reuters hisob-kitoblariga ko‘ra, Anthropic asoschilari, jumladan Dario Amodei va uning olti hamkori, kompaniyaning qariyb 10% ulushiga egalik qiladi. IPO narxida bu ulushlarning umumiy qiymati qariyb $150 mlrd ga teng bo‘lgan.

IPO, shuningdek, kompaniyaning dastlabki xodimlari, muhandislari va tadqiqotchilari uchun katta moliyaviy imkoniyat yaratdi.


Avvalroq Spot Uzbekistan Airways IPO’si 2027-yilga qoldirilgani haqida yozgandi.

IPO 2026-yilning ikkinchi yarmiga rejalashtirilgan edi, biroq kompaniyaning puxta tayyorgarligi sabab 2027-yilga surildi.