VEON telekommunikatsiya kompaniyasi (Beeline Uzbekistan egasi) O‘zbekistonda bank litsenziyasini olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniyaning to‘lovlar va raqamli aktivlar bo‘yicha direktori Ahmet Kayhan 16-noyabr kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan Capital Markets Day tadbirida ma’lum qildi.

Kayhan kompaniya O‘zbekiston va Qozog‘istonda raqamli moliyaviy xizmatlarini kengaytirish va bank litsenziyasini olish ustida ishlayotganini qayd etdi.

“O‘zbekiston va Qozog‘istonda ham bank litsenziyasini olish ustida ishlayapmiz. Buni o‘zimiz yangi bank tashkil etish yoki mavjud bankni sotib olish orqali amalga oshirishimiz mumkin”, — dedi Kayhan.

Taqdimotda O‘zbekiston VEON’ning raqamli moliyaviy xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha beshta asosiy bozordan biri sifatida ko‘rsatilgan. Xususan, kompaniyaning Beepul hamyoni mamlakatdagi to‘rtinchi yirik elektron hamyon hisoblanadi. Shu bilan birga, xizmatlar qatoriga mikrokredit mahsulotlari kiradi.

Kompaniya ushbu platforma orqali to‘lovlar va mikrokredit xizmatlarini kengaytirishni, keyingi bosqichda esa bank litsenziyasidan tashqari sug‘urta xizmatlari uchun ham litsenziya olishni rejalashtirgan.

Shuningdek, Kayhan O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari yo‘nalishini ham kompaniya uchun istiqbolli imkoniyatlardan biri sifatida qayd etdi.

Avvalroq Spot Raqobat qo‘mitasi VEON’ning Perfectum’ni sotib olishiga bir qator shartlar asosida rozilik bergani haqida yozgan edi.