Nukus shahrida Telegram orqali tarqatilgan zararli APK fayllar yordamida fuqarolarning bank kartalaridan qariyb 1 mlrd so‘m o‘zlashtirish bilan bog‘liq kiberjinoyat fosh etildi.

Qayd etilishicha, tekshiruv davomida Telegram yozishmalarida 162 ta bank kartasi ma’lumotlari aniqlangan.

Qoraqalpog‘iston IIV kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda DXX Qoraqalpog‘iston boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” hamda kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi doirasida o‘tkazilgan tadbirlar davomida mazkur guruh faoliyati fosh etildi.

Guruh fuqarolarning bank kartalaridagi mablag‘larni Telegram orqali yuborilgan zararli APK fayllar yordamida o‘zlashtirgan. O‘g‘irlangan pullarning bir qismiga qimmatbaho telefonlar xarid qilinib, qayta sotish orqali naqdlashtirilgan.

Boshqa mablag‘lar noma’lum shaxslarning onlayn mikroqarzlarini so‘ndirishga yo‘naltirilgan, ayrimlari esa onlayn bukmekerlik akkauntlariga o‘tkazilgan.

Jinoiy faoliyat izlarini yashirish maqsadida ijaraga olingan telefonlar muntazam almashtirib turilgan. Tezkor tadbirlar davomida uchta mobil qurilma va beshta bank kartasi ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Mazkur holat yuzasidan sud qaroriga asosan D ismli shaxsga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Huquq-tartibot organlari fuqarolarni Telegram orqali yuborilgan noma’lum APK fayllarni o‘rnatmaslik, shubhali havolalarni ochmaslik hamda bank karta ma’lumotlari va SMS kodlarini begonalarga bermaslik haqida ogohlantirdi.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda kreditlarni yopib berishni va’da qiluvchi shaxslarga ishonmaslik tavsiya etildi.


Avvalroq Spot o‘zbekistonliklar Cardblock orqali 278,3 mlrd so‘mlik firibgarlik holatlari haqida murojaat qilgani haqida yozgandi.