Muddatidan oldin pensiyaga chiqish uchun taqdimnomani endi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali rasmiylashtirish mumkin. Bu haqda portal Telegram kanalida ma’lum qilindi.
Xizmatdan tashkilot yoki yakka tartibdagi tadbirkor faoliyati tugatilgani, xodimlar soni yoki shtati qisqargani sababli ishdan bo‘shatilgan fuqarolar foydalanishi mumkin. Xizmat my.gov.uz orqali bepul ko‘rsatiladi.
Muddatidan oldin pensiyaga 58 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan, kamida 25 yillik mehnat stajiga ega erkaklar hamda 53 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan, kamida 20 yillik stajga ega ayollar chiqishi mumkin.
Ariza berish uchun mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi buyruq nusxasi kerak bo‘ladi. Mehnat staji ma’lumotlari to‘liq raqamlashtirilmagan bo‘lsa, mehnat daftarchasi nusxasi ham talab qilinadi.
Ariza 2 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatga olingan fuqaro maqbul ish taklifini olish uchun 10 kun ichida bandlik bo‘limiga borishi kerak.
Mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan boshlab 3 oy ichida maqbul ish topib berilmasa, fuqaro ishsiz deb e’tirof etiladi. Shundan so‘ng taqdimnoma rasmiylashtirilib, pensiya tayinlash uchun Pensiya jamg‘armasiga elektron shaklda yuboriladi.
Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin.
Vazirlar Mahkamasi sentyabr oyi oxirida ishdan bo‘shatilganda muddatidan oldin pensiyaga chiqish tartibini tasdiqladi. Shuningdek, qarorda mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin uch oy ichida sobiq ish beruvchi tomonidan ishdan bo‘shatish nafaqasini to‘lash nazarda tutilgan.
Avvalroq pensiya tayinlashda ish stajini hisoblash va ustamalarni qo‘shish tartibi soddalashtirilgani haqida xabar berilgandi.