Shavkat Mirziyoyev Turkiya moliya institutlarini O‘zbekiston bank sektoridagi islohotlar va xususiylashtirish jarayonlarida faol qatnashishga taklif qildi. Bu haqda O‘zbekiston — Turkiya biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajadagi kengash yig‘ilishida so‘z bordi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident turk kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvda raqamli texnologiyalar va moliyaviy xizmatlarni ikki davlat iqtisodiy sherikligining muhim yo‘nalishlari sifatida belgiladi. U O‘zbekistonda 33 yildan buyon faoliyat yuritayotgan Ziraat Bank faoliyatini ijobiy baholadi.
O‘zbekistonda IT xizmatlari eksportini $5 mlrd ga yetkazish maqsad qilingan. Turk kompaniyalariga IT Park rezidentlari uchun joriy etilgan soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalanib, autsorsing, dasturiy ta’minot va sun’iy intellekt sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirish taklif qilindi.
“Biz bundan buyon ham mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash, tadbirkorlar uchun ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan islohotlarni izchil davom ettiramiz”, — dedi prezident.
Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, maxsus iqtisodiy zonalarda investitsiya hajmi va shartlarga qarab 3 yildan 10 yilgacha soliq va bojxona imtiyozlari beriladi. Yirik investorlarga tayyor ishlab chiqarish binolari, yer maydonlari va muhandislik infratuzilmasi taqdim etilmoqda.
Prezident bunga misol sifatida Toshkent viloyatidagi 100 gektarlik Ostim sanoat zonasini keltirdi. Hozir bu zonani kengaytirish ishlari olib borilmoqda. Mirziyoyev bu tajribani boshqa hududlarda ham kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuvda Turkiya kompaniyalari rahbarlari O‘zbekistonda amalga oshirayotgan loyihalari va kelgusi rejalari haqida so‘zlab berdi.
Avvalroq O‘zbekistonda turk farmatsevtika kompaniyalari uchun alohida sanoat zonasi tashkil etilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.