Yangi zelandiyalik rassom Kim Grove (turmushga chiqqach, Kim Kasali nomi bilan tanilgan) sevgan insoniga tuyg‘ularini kichik rasmlar orqali izhor qilardi. Dastlab faqat bir inson uchun chizilgan bu rasmlar yillar o‘tib dunyoga mashhur Love is… komikslari va saqich o‘ramlaridagi romantik yozuvlarga aylandi. Ammo ularning ortida shunchaki sevgi izhori emas, quvonch, ayriliq va ijodga aylangan haqiqiy muhabbat hikoyasi yashiringan.
Spot bir sevgi izhori qanday qilib xalqaro brendga aylangani, uning ortidagi insonlar va biznes tarixi haqida hikoya qiladi.
Muhabbat izhoridan mashhur komikslargacha
1967-yil fevralida Kim Los-Anjelesdagi tog‘-chang‘i klublaridan birida italiyalik muhandis Roberto Kasali bilan tanishadi. Ko‘p o‘tmay, ular bir-birini sevib qoladi.
Kim his-tuyg‘ularini ochiq ifodalashga biroz tortingani sababli Roberto uchun kichik rasmlar chizib, ularga qisqa yozuvlar qo‘shishni odat qiladi. Ba’zan ularni Robertoning kiyimi cho‘ntagiga, avtomobilining ichiga yoki yostig‘i ostiga yashirib qo‘yardi.
Love is… turkumiga asos bo‘lgan ilk illyustratsiya ham shunday paydo bo‘ladi. Kim uni chang‘i sayohati vaqtida Robertoga yuborgan otkritkasiga chizadi. Unda rassomning o‘ziga o‘xshash mitti karikaturasi tasvirlangan. Keyinchalik Kim o‘zining va Robertoning obrazlarini birgalikda chiza boshlaydi.

Ilk Robertoga yo‘llangan otkritka (mitti Kim karikaturasi). Foto: Love is
1968-yilda Kim Los-Anjelesdagi bosmaxonalardan birida qabulxona xodimi bo‘lib ishlayotgan paytida illyustratsiyalarini kichik risolalarga birlashtiradi. Ularni Love Is When deb nomlab, har birini $1 dan sota boshlaydi.
Rasmlar atrofdagilarda katta qiziqish uyg‘otadi. Risolalardan biri to‘y sovg‘asi sifatida taqdim etilganida, kelin va mehmonlarga ham ma’qul keladi. 1969-yilda Roberto Kimning chizmalaridan bir nechtasini gazeta materiallarini nashrlarga tarqatuvchi sindikatga olib borib, ularni chop etish imkoniyatini o‘rganadi.
1970-yil 5-yanvarda Love is… illyustratsiyasi ilk bor Los Angeles Times gazetasida chop etiladi. Komikslar tez orada ommalashib, 50 dan ortiq mamlakatdagi gazeta va jurnallarda e’lon qilina boshlaydi hamda 25 dan ortiq tilga tarjima qilinadi.
1970-yil noyabrda Kim va Roberto unashtiriladi. 1971-yil iyulda esa Yangi Zelandiyaning Oklend shahrida turmush qurishadi. Ularning oilaviy hayoti, farzandlari va kundalik voqealar keyingi komikslarda ham o‘z aksini topadi.
Foto: Love is
Robertoning kasalligi va komikslarning davom etishi
Kim va Roberto oilaviy hayotini davom ettirib, farzandlarini tarbiyalay boshlaydi. Biroq 1975-yilda ularning hayotida og‘ir sinov yuz beradi: Robertoga saraton tashxisi qo‘yiladi.
Aynan shu davrda Kim va Roberto komikslar ustidagi ishga yana bir ijodkorni jalb qilishadi. Bu britaniyalik karikaturachi va illyustrator Bill Asprey edi. U Londondagi reklama agentliklarida ishlagan, shuningdek, Britaniyaning yirik nashrlari uchun karikatura va komikslar yaratgan.
1975-yilda Kim va Roberto unga Love is… turkumidagi kundalik illyustratsiyalarni chizish va ular uchun matnlar yozishni topshiradi. Asprey komikslarni Kim nomi ostida davom ettiradi.
Kasallik Robertoning ahvolini tobora yomonlashtiradi. U 1976-yilda vafot etadi. Kim uchun bu katta yo‘qotish bo‘ladi. Shunga qaramay, u farzandlarini tarbiyalash va ijodini davom ettirishga kuch topadi.
Kim Kasali 1997-yil iyunida, 55 yoshida vafot etadi. Uning ijodiy merosini to‘ng‘ich o‘g‘li Stefano davom ettiradi. Bill Asprey esa u bilan hamkorlikda komikslar yaratishni davom ettiradi.
Foto: Pinterest
Rangli komikslarning paydo bo‘lishi
Dastlab Kimning chizmalari oq-qora rangda bo‘lib, qahramonlar sodda va minimalistik uslubda tasvirlangan.
1978-yilda Bill Asprey Britaniyaning Mail on Sunday gazetasi uchun Love is… komikslarining yangi, rangli talqinini yaratadi. Yangi versiyada qahramonlar birinchi marta kiyimda tasvirlanadi. Kim bu o‘zgarishlarni ma’qullaydi va rangli komikslar gazetaning dam olish kunlariga mo‘ljallangan sahifalarida chop etila boshlaydi. Ushbu turkum qariyb 20 yil davomida davom etadi.
Asprey Love is… komikslarini Kim vafotidan keyin ham chizishda davom etadi. U Stefano Kasali bilan hamkorlikda qahramonlarning yangi hikoyalarini yaratadi.

Foto: Bill Asprey
Saqichdan boshqa mahsulotlargacha
Komikslarning ommalashuvi ularning boshqa mahsulotlarda ham qo‘llanishiga yo‘l ochadi. 1970-yildayoq Love is… tasvirlari tushirilgan ilk litsenziyali mahsulot — devorga osiladigan plastik lavhalar ishlab chiqariladi.
Keyingi yillarda qahramonlar tushirilgan tabriknomalar, futbolkalar, soatlar, taqinchoqlar, daftarlar, plakatlar va boshqa sovg‘a buyumlari paydo bo‘ladi. Shu tariqa brend faqat gazeta va jurnallardagi komikslar bilan cheklanmay, turli mahsulotlar bozoriga ham kirib boradi.
Buning asosida litsenziyalash modeli yotadi. Ya’ni brend egasi boshqa ishlab chiqaruvchilarga o‘z qahramonlari va illyustratsiyalaridan foydalanish huquqini beradi. Ishlab chiqaruvchilar esa ushbu tasvirlardan o‘z mahsulotlarini yaratishda foydalanadi va kelishuv asosida litsenziya haqi to‘laydi.
Love is… saqichlari qanday qilib biznesga aylandi?
Love is… brendining eng taniqli mahsulotlaridan biri bo‘lgan saqichlar ham litsenziyalash asosida ishlab chiqariladi.
2006-yil 15-fevralda Minikim Holland B.V. va Turkiyaning Intergum Gıda kompaniyalari o‘rtasida Love is… brendi ostida saqich ishlab chiqarish bo‘yicha litsenziya shartnomasi imzolanadi. Kelishuv Yaponiya bozoridan tashqari butun dunyoda saqich ishlab chiqarish huquqini qamrab olgan.
2007-yilda Britaniyaning Cadbury kompaniyasi Turkiyaning Intergum ishlab chiqaruvchisini sotib oladi. Keyinchalik Intergum Kent Gıda tarkibiga qo‘shiladi. 2010-yilda Amerikaning Kraft Foods kompaniyasi Cadbury’ni xarid qiladi. 2012-yil 1-oktabrda esa Kraft Foods’ning global snack biznesi ajralib chiqib, Mondelēz International nomi bilan faoliyat yurita boshlaydi.
Kent Gıda'ning 2025-yilda e’lon qilingan emissiya prospektida ham Minikim Holland B.V. va Intergum o‘rtasidagi 2006-yilgi litsenziya shartnomasi qayd etilgan. Hujjatda Intergum sotib olinganidan keyin saqichlarini ishlab chiqarish bo‘yicha litsenziya huquqlaridan Kent Gıda foydalanishda davom etayotgani ko‘rsatilgan.
Bu yerda muhim farq bor: komikslar, qahramonlar va illyustratsiyalarga bo‘lgan intellektual mulk huquqlari bilan saqich ishlab chiqarish litsenziyasi bir xil emas. Love is… rasmiy saytidagi ma’lumotga ko‘ra, brendning qahramonlari, logotiplari, iboralari va illyustratsiyalariga bo‘lgan huquqlar Minikim Holland B.V. kompaniyasiga tegishli.
Love is… brendi qancha daromad keltiradi?
Love is… brendining butun dunyo bo‘yicha yillik tushumi yoki sof foydasi ochiq manbalarda e’lon qilinmagan. Biroq ayrim bozorlar bo‘yicha savdo hajmi uning tijoriy ko‘lamini tasavvur qilish imkonini beradi.
Masalan, Megalicense litsenziyalash agentligining brend taqdimotida Rossiyada har yili 500 mln dan ortiq Love is… saqichi sotilishi qayd etilgan. Ushbu materialda brend kutubxonasida turli uslubdagi 9 mingdan ortiq komiks illyustratsiyasi mavjudligi ham ko‘rsatilgan.
Bu raqamlar global daromadni emas, Rossiya bozoridagi saqichlar savdosi va brendning illyustratsiyalar fondini ifodalaydi. Shuning uchun 500 mln dona ko‘rsatkichni puldagi tushum bilan tenglashtirib bo‘lmaydi.
Brendning biznes modeli bir nechta yo‘nalishga asoslanadi: komikslarni nashr qilish, illyustratsiyalardan foydalanish huquqini berish va litsenziya asosida saqich hamda boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish.
Kim va Robertoning muhabbat hikoyasi ekranlarga chiqadi
Love is… tarixi endi ekranlashtirish loyihasiga ham asos bo‘lmoqda. 2025-yil aprelida Finlandiyaning Gutsy Pictures prodyuserlik kompaniyasi Kim Kasali hayotiga asoslangan serial va film yaratish bo‘yicha global huquqlarni qo‘lga kiritganini e’lon qiladi. Loyiha Stefano Kasali bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, loyiha Kimning Yangi Zelandiyadan boshlangan hayot yo‘li, Roberto bilan uchrashuvi, ijodiy faoliyati va Love is… brendining paydo bo‘lishini hikoya qiladi. Unda jonli suratga olish va animatsiya uyg‘unlashtirilishi rejalashtirilgan.
Gutsy Pictures’ning loyiha sahifasida Love is… romantik drama sifatida ko‘rsatilgan. Hozirgi reja to‘rtta 42 daqiqalik qism va to‘liq metrajli filmni nazarda tutadi. 2026-yil noyabr holatiga ko‘ra, loyiha hali ishlab chiqish bosqichida, namoyish sanasi esa e’lon qilinmagan.
Shunday qilib, bir vaqtlar Kimning Roberto uchun chizgan kichik rasmlari bugun ham o‘z hayotini davom ettirmoqda. Ular shaxsiy yozishmalardan gazeta sahifalariga, saqich o‘ramlaridan turli mahsulotlargacha yetib bordi. Endi esa bu muhabbat hikoyasi yangi auditoriya uchun ekranlarda gavdalanishi kutilmoqda.

