Avvalroq Spot 17-noyabr kuni Adliya vazirligi banklarda naqd pul muomalasini tashkil etish bo‘yicha yangi yo‘riqnomani davlat ro‘yxatidan o‘tkazgani haqida yozgan edi.
Yo‘riqnomaga ko‘ra, banknotlarda ularning seriyasi va raqami, nominal qiymatining yozuv bilan ifodasi, barcha turdagi to‘lovlar uchun qabul qilinishi majburiyligi hamda qalbakilashtirganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi yozuvlar bo‘lishi kerak.
Pul belgilarining dizaynida O‘zbekiston tarixi, milliy madaniyati, qadriyatlari, buyuk allomalar va mamlakat yutuqlarini aks ettiruvchi tasvirlardan foydalaniladi. Ulardagi barcha yozuvlar davlat tilida, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yozilishi lozim.
Bundan tashqari, pul belgilari inson salomatligi uchun xavfsiz xomashyolardan tayyorlanishi hamda zamonaviy himoya elementlariga ega bo‘lishi kerak.
Banklar fuqarolar va tadbirkorlarning hisobvaraqlaridagi mablag‘lar doirasida naqd pul olish talabini birinchi talab bo‘yicha uzluksiz qondirishi shart. Shuningdek, ular muomaladagi naqd pullarni nominal qiymati bo‘yicha moneliksiz qabul qiladi.
Banklar mijozlarning naqd pulga bo‘lgan ehtiyoji va bankomatlardagi pul aylanmasini muntazam tahlil qilib borishi, naqd pul yetishmasligi kutilganda esa qo‘shimcha mablag‘larni jalb etish choralarini ko‘rishi shart.
Markaziy bank va tijorat banklari talabga ko‘ra, bir nominaldagi pul belgilarini boshqasiga hech qanday to‘lov yoki vositachilik haqisiz ayirboshlaydi.
Shu bilan birga, yangi banknot va tangalar muomalaga chiqarilishidan kamida bir hafta oldin bu haqda aholi xabardor qilinadi.
Avvalroq Spot ish haqini istalgan bank kartasiga o‘tkazish mumkinligi haqida yozgan edi.