18-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish hamda Yashil makon umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar ijrosi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unda yangi imkoniyatlardan samarali foydalanish, investitsiya loyihalarini tezlashtirish va tashkiliy masalalarni tezkor hal etish vazifalari muhokama qilindi. Prezident Yangi Toshkentdagi ishlar mutlaqo yangicha yondashuv va qat’iy ijro intizomi asosida tashkil etilishi lozimligini ta’kidladi.

Tadbirkorlar sarmoya kiritishga tayyor ekani, buning uchun ularga ortiqcha to‘siqlarsiz, tezkor va aniq yechimlar taqdim etish zarurligi ta’kidlandi. Shu bois, har bir investitsiya loyihasi bo‘yicha kunlik manzilli nazorat o‘rnatilishi belgilandi.

Bunda qurilish maydonlarini o‘z vaqtida tayyorlash va investorlarga zarur sharoit yaratish ishlari markazlashgan holda Yangi Toshkent direksiyasi orqali tashkil etiladi.

Investitsiya loyihalarining vaqtida amalga oshirilishi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining tayyorligiga ham bevosita bog‘liqligi qayd etildi. Davlat rahbari yangi shaharda qurilish va infratuzilmani rivojlantirish ishlari bir-biriga muvofiq olib borilishi shartligini ta’kidladi.

Elektr energiyasi, ichimlik suvi, kanalizatsiya, issiqlik ta’minoti va yo‘l tarmoqlari obyektlar foydalanishga topshirilgunga qadar tayyor bo‘lishi lozim. Shu maqsadda viloyatlarga biriktirilgan hududlarni zarur infratuzilma bilan ta’minlash bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish topshirildi.

Yig‘ilishda yangi shaharning me’moriy qiyofasi va hududlarni kompleks rivojlantirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Viloyatlarga biriktirilgan hududlarda faqat turar joylar emas, balki zamonaviy biznes va savdo markazlari, mehmonxonalar, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va sport obyektlari, shuningdek, jamoat maskanlari ham qurilishi kerak.

Har bir inshoot yangi shaharning yagona me’moriy konsepsiyasi va “yashil qurilish” talablariga mos bo‘lishi shartligi ta’kidlandi. Hududlar o‘rtasida zamonaviy arxitektura yechimlarini qo‘llash, yirik xalqaro brendlarni jalb qilish, xiyobonlar va jamoat joylarini namunali tashkil etish bo‘yicha sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga e’tibor qaratildi.

Avvalroq Spot poytaxtdagi renovatsiyaga tushgan uylar uchun aholi Yangi Toshkentdan 1,5 baravar kattaroq uy olishi mumkinligi haqida yozgan edi.