O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasida AI-92 markali avtomobil benzinining narxi yana oshmoqda. Bu Spot o‘rgangan birja savdolari ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

17-noyabr kuni AI-92 benzini narxi bir tonna uchun 13,54 mln so‘mni tashkil etdi. Bu bir kun avvalgiga nisbatan 7,1% ga ko‘p. AI-92 K2 va K2-L markali benzinlar bundan ham qimmatroq — mos ravishda 14,73 mln so‘m va 14,64 mln so‘mdan sotildi.

Shu bilan birga, birjadagi taklifning asosiy qismi nisbatan qimmat bo‘lgan K2-L markali benzinga to‘g‘ri keldi. Uning hajmi 4274 tonnani, oddiy AI-92 benzini taklifi esa 152,7 tonnani tashkil etdi.

Avvalgi ikki hafta davomida oddiy AI-92 benzini narxida sezilarli tebranishlar kuzatildi. Uning qiymati bir tonna uchun 12,35 mln so‘mgacha pasaygan bo‘lsa, keyingi kunning o‘zida 15,5 mln so‘mgacha ko‘tarilishi mumkin edi.

K2 va K2-L markali benzinlar narxida esa tebranishlar ancha kam bo‘ldi. Hozirda birjadagi yoqilg‘i savdosining asosiy qismi to‘g‘ri kelayotgan K2-L benzini 6-noyabr kuni bir tonnasi 13,68 mln so‘mgacha arzonlashdi. Biroq shundan so‘ng uning narxi barqaror ravishda o‘sib bordi.

Iyun oyi oxirida benzinning ulgurji narxlari birinchi marta bir tonna uchun 14 mln so‘mga yaqinlashgan edi. Biroq iyul o‘rtalariga kelib, narxlar ma’lum muddatga 13,1−13,2 mln so‘mgacha tushdi. Avgust o‘rtalaridan boshlab birja kotirovkalari 13,3 mln so‘m atrofida o‘zgarib turdi, sentabr boshida esa qisqa muddatga pasaydi.

Sentabr o‘rtalaridan boshlab oddiy benzin narxida keskin tebranishlar boshlandi. Ayrim kunlarda bir tonna benzin narxi 15 mln so‘mdan oshgan bo‘lsa, shundan keyin yana keskin pasaygan. Biroq oktabr oyining katta qismida bir tonna benzin narxi 14 mln so‘mdan yuqori darajada saqlanib qoldi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, oktabr oyida benzin narxi o‘rtacha 1% ga oshgan. Yillik hisobda esa yoqilg‘i 19,5% ga qimmatlashgan. Xususan, AI-92 benzini bir litrining narxi 0,5% ga, AI-95 benzini 2,6% ga, AI-98 va AI-100 markali benzinlar esa 5,3% ga oshgan.

Benzin va boshqa turdagi yoqilg‘ilar O‘zbekiston fuqarolari Markaziy bankning inflyatsion kutilmalar bo‘yicha so‘rovlarida narxi eng ko‘p oshganini qayd etadigan tovar va xizmatlar qatoriga muntazam kiradi.

Jumladan, oktabr oyidagi so‘rovda respondentlarning 47% i yoqilg‘i narxining oshishini qayd etgan. Bu ko‘rsatkich go‘sht va sut mahsulotlaridan (52%) keyin ikkinchi o‘rinni egallagan.


Yoz oylarida benzin narxining keskin oshishi Rossiya bozorida yoqilg‘i tanqisligi kuzatilgan davrga to‘g‘ri keldi. Tanqislikning asosiy sabablaridan biri Ukraina dronlarining bir qator hujumlaridan keyin neftni qayta ishlash zavodlarida rejadan tashqari ta’mirlash ishlari olib borilgani bo‘ldi.

Bundan tashqari, 1-apreldan boshlab Rossiyada benzin, dizel yoqilg‘isi va boshqa bir qator neft mahsulotlarini eksport qilishga to‘liq taqiq joriy etilgan. Iyul oyida esa ushbu cheklov 2027-yil yanvar oyi oxirigacha uzaytirildi. Biroq Energetika vazirligi mazkur cheklov hukumatlararo kelishuvlar doirasida O‘zbekistonga yoqilg‘i yetkazib berishga taalluqli emasligini bir necha bor ma’lum qilgan.

Shu bilan birga, Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, fevraldan avgustgacha bo‘lgan davrda benzinning oylik importi 13 baravardan ko‘proq qisqargan. Agar fevral oyida mamlakatga 153,3 mln litr yoqilg‘i yetkazib berilgan bo‘lsa, avgust oyida bu ko‘rsatkich 11,4 mln litrni tashkil etgan. Biroq 2026-yilning dastlabki sakkiz oyidagi jami yetkazib berish hajmi 41,2 foizga oshgan.

Energetika vazirligi vakillari Spot so‘roviga javoban O‘zbekiston benzin importining yangi yo‘nalishlarini o‘zlashtirayotganini ma’lum qilgan. Xususan, Ozarbayjon, Turkmaniston va Belarusdan yoqilg‘i yetkazib berish masalalari ishlab chiqilmoqda.


Avvalroq Spot Buxoro NQIZda $1,8 mlrd lik loyiha asosida neft mahsulotlarini ishlab chiqarish 4,6 mln tonnaga yetkazilishi haqida yozgandi.