Avgust oyida O‘zbekiston 11,4 mln litr benzin import qildi. Bu fevraldagi 153,3 mln litr ko‘rsatkichdan 13,4 barobar kam. Energetika vazirligi importning keskin qisqarishini Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlarining to‘xtashi bilan izohladi.
Importning 85−90%i Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan. Rossiyadagi [neftni qayta ishlash] zavodlari to‘xtaganidan so‘ng import hajmi haqiqatan ham keskin kamaydi", — dedi Energetika vazirligi Spot so‘roviga javoban.
Benzin importining kamayishi fevraldan keyin boshlangan va ayniqsa may oyidan tezlashgan. Aprelda O‘zbekiston 140,5 mln litr, mayda — 72 mln litr, iyunda — 50,7 mln litr, iyulda — 18,6 mln litr, avgustda esa 11,4 mln litr benzin import qilgan.
Avvalroq Rossiya hukumati neftni qayta ishlash zavodlaridagi rejadan tashqari ta’mirlash ishlari sabab neft mahsulotlari eksportiga bir necha bor cheklovlar kiritgan.
Iyul oxirida benzin, dizel yoqilg‘isi, kema yoqilg‘isi va gazoyl eksportiga taqiq 2026-yil 1-avgustdan 2027-yil 31-yanvargacha uzaytirilgan. Shu bilan birga, Energetika vazirligi avvalroq hukumatlararo kelishuvlar doirasida O‘zbekistonga yetkazib beriladigan mahsulotlarga bu cheklovlar tatbiq etilmasligini bildirgan.
Hozirda O‘zbekiston benzin importining yangi yo‘nalishlarini o‘zlashtirmoqda. Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Ozarbayjon, Turkmaniston va Belarusdan benzin yetkazib berish masalalari ishlab chiqilmoqda.
Shu bilan birga, 2026-yil yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonning umumiy benzin importi fizik hajmda 41,2%ga oshib, 721,5 mln litrga yetgan. Qiymat jihatidan esa import 48,6%ga oshib, $437,4 mlnni tashkil etgan. Yillik ko‘rsatkichning o‘sishi importning keskin qisqarishi davrning so‘nggi oylariga to‘g‘ri kelgani bilan izohlanadi.
Ichki benzin ishlab chiqarish ham oshgan. 2026-yil yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonda 731,9 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan, bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 8,9% ko‘p. Biroq bu ko‘rsatkich 2024-yil yanvar-iyul darajasidan 7,5% past.
Importni diversifikatsiya qilish
Avgust oyining oxirida O‘zbekiston Ozarbayjondan neft va neft mahsulotlarini uzoq muddatli yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi.
Energetika vazirligining Spot’ga bergan ma’lumotga ko‘ra, tomonlar uglevodorod xomashyosini birgalikda qayta ishlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
O‘zbekiston benzin, dizel yoqilg‘isi, aviakerosin va boshqa neft mahsulotlari yetkazib berish manbalarini diversifikatsiya qilishni rejalashtirmoqda.
Variantlardan biri sifatida ikki davlat infratuzilmasidan foydalangan holda O‘zbekiston bozori uchun mahsulot ishlab chiqarish ko‘rib chiqilmoqda. Bu xomashyo yetkazib berish, uni qayta ishlash, texnologik tajriba almashish hamda logistika zanjirlarini yaratishni o‘z ichiga olishi mumkin.
Ozarbayjon Markaziy Osiyo bozoridagi ishtirokini kengaytirishi, O‘zbekiston esa ichki bozorni ishonchli ta’minlashni kuchaytirishi mumkin. Bu rejalar Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayevning sentyabr boshidagi tashrifi davomida muhokama qilinadi.
Avvalroq Spot O‘zbekneftgaz gaz kondensati, oltingugurt va propan ishlab chiqarishni 20%ga oshirmoqchiligi haqida yozgandi.