O‘zbekiston va Ozarbayjon neft va neft mahsulotlarini uzoq muddatli yetkazib berishni tashkil etish, shuningdek, uglevodorod xomashyosini birgalikda qayta ishlash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati Spot‘ga ma‘lum qildi.

Vazirlikning qayd etishicha, ichki talab o‘sib borayotgani fonida O‘zbekiston avtomobil va dizel yoqilg‘isi, aviakerosin hamda boshqa neft mahsulotlarini yetkazib berish manbalarini diversifikatsiya qilishdan manfaatdor.

Hamkorlik yo‘nalishlaridan biri O‘zbekistonning mavjud neftni qayta ishlash quvvatlari va Ozarbayjonning qayta ishlash infratuzilmasidan foydalangan holda mamlakat bozori uchun neft mahsulotlari, jumladan, avtomobil va aviatsiya yoqilg‘isini ishlab chiqarish bo‘lishi mumkin. Bunday hamkorlik shakli xomashyo yetkazib berish, uni qayta ishlash, tayyor mahsulot chiqarish, texnologik tajriba almashish va barqaror logistika zanjirlarini yaratishni o‘z ichiga olishi mumkin.

“Bu O‘zbekiston uchun ichki bozorni ta‘minlash ishonchliligini oshirish va ta‘minot manbalarini diversifikatsiya qilishga, Ozarbayjon uchun esa Markaziy Osiyo bozoridagi ishtirokini kengaytirish va uzoq muddatli sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga imkon beradi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Sentabr oyining birinchi o‘n kunligida energetika vaziri Sherzod Xodjayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifi rejalashtirilgan. Tashrif doirasida Ozarbayjon Energetika vazirligi va SOCAR neft-gaz kompaniyasi bilan ikki davlat rahbarlari tomonidan qo‘yilgan vazifalarni bajarish yuzasidan batafsil muzokaralar o‘tkaziladi.

Hozirda ikki davlatning energetika sohasidagi hamkorligi geologiya-qidiruv, neft-gaz sanoati, neft mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish, qayta tiklanuvchi energetika hamda elektr energiyasini uzatish kabi loyihalarni qamrab oladi.

Yaqinda energetika vaziri O‘zbekiston va Ozarbayjon energetika sohasida hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini, jumladan, avtomobil va aviayoqilg‘isini birgalikda ishlab chiqarish masalasini ko‘rib chiqayotganini ma‘lum qilgandi.

Spot, avvalroq, to‘rtta hududda 2,4 GVt quvvatga ega yangi elektr stansiyalari va saqlash tizimlari ishga tushirilgani haqida yozgandi.