O‘zbekistonning turli hududlarida uchta yangi elektr stansiyasi va uchta elektr energiyasini saqlash tizimi ishga tushirildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Ular 25-avgust kuni mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan sanoat, xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy obyektlarni foydalanishga topshirishga bag‘ishlangan marosim doirasida ishga tushirildi.

Energetika vaziri Sherzod Xodjayevning so‘zlariga ko‘ra, ayrim energetika obyektlari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha Markaziy Osiyodagi eng yirik inshootlar sirasiga kiradi. Obyektlarning umumiy quvvati 2423 MVtni, qiymati esa qariyb 20 trln so‘mni ($1,7 mlrd) tashkil etdi.

Jumladan, Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida quvvati 1573 MVtga teng issiqlik elektr stansiyasi ish boshladi. Uni 2021-yil noyabrdagi tenderda g‘olib chiqqan Fransiyaning EDF, Qatarning Nebras Power hamda Yaponiyaning Sojitz va Kyuden kompaniyalari konsorsiumi qurgan.

Loyiha qiymati $900 mlnni tashkil etib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan qoplangan. Qurilishga 3 mingga yaqin kishi jalb qilingan, stansiya ishga tushgach esa bu yerda 120 nafar mutaxassis doimiy ish bilan ta‘minlanadi.

Bug‘-gaz elektr stansiyasi yiliga 13 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarishga qodir. Foydali ish koeffitsiyentining yuqoriligi (61,7%) hisobiga yiliga 1,1 mlrd kub metr tabiiy gaz tejaladi.

Navoiy viloyatining Nurota tumanida Xitoyning China Energy Overseas Investment kompaniyasi tomonidan barpo etilgan quvvati 300 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi va 150 MVt quvvatli akkumulyator tizimidan iborat majmua ishga tushirildi. U $390 mlnga baholanmoqda.

Majmua yiliga 657 mln kVt⋅soat “yashil” energiya ishlab chiqarishi mumkin — bu hajm 273 ming xonadonning yillik ehtiyojini qoplash uchun yetarli. Loyiha tabiiy gaz sarfini 175 mln kub metrga qisqartirish va atmosferaga chiqariladigan chiqindilarni 377 ming tonnaga kamaytirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘istonning Qorao‘zak tumanida ACWA Power kompaniyasining 200 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasi hamda 100 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi ishga tushirildi.

Yangi stansiya Qoraqalpog‘istondagi ikkinchi shamol elektr stansiyasi, energiya saqlash tizimi esa hududdagi ilk shunday obyekt hisoblanadi.

Qiymati $263 mln bo‘lgan ushbu loyiha ACWA Power kompaniyasining 2023-yildagi tenderda g‘olib bo‘lishi asosida amalga oshirildi va 25 ta doimiy ish o‘rni yaratildi. Stansiya yiliga 701 mln kVt⋅soat “yashil” energiya ishlab chiqarib, 292 ming xonadonning yillik ehtiyojini qoplash imkonini beradi.

Shuningdek, loyiha yiliga 187 mln kub metr tabiiy gazni tejash va atmosferaga 403 ming tonna zararli moddalar chiqarilishining oldini olishga xizmat qiladi.

Energiyani saqlash tizimi 200 MVt⋅soat elektr energiyasini saqlashga mo‘ljallangan bo‘lib, undan elektr tarmog‘ida yuklama yuqori bo‘lgan vaqtlarda tizim barqarorligini ta‘minlash uchun foydalaniladi.

Namangan viloyatida China Energy Overseas Investment $110 mln evaziga 100 MVt quvvatli yana bir akkumulyator tizimini qurdi. Majmua tig‘iz yuklama soatlarida barqaror energiya ta‘minotini yo‘lga qo‘yish uchun 200 MVt⋅soat energiya saqlashga mo‘ljallangan.

Spot, avvalroq, Chorvoqda 20 MVt quvvatga ega yangi shamol elektr stansiyasi ishga tushirilgani haqida yozgandi.