Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida quvvati 20 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Obyektning ochilish marosimi 20-avgust kuni bo‘lib o‘tdi. Unda Xitoyning O‘zbekistondagi elchisi Yu Jun, shuningdek, viloyat va tuman hokimliklari, Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekgidroenergo, energetika va qurilish korxonalari vakillari ishtirok etdi.

Elektr stansiyasi har biri 5 MVt quvvatga ega to‘rtta turbinadan iborat. U yiliga 50 mln kVt·soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqarishi mumkin. Bu hajm 20 mingta xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun yetarli.

Shamol elektr stansiyasining ishga tushirilishi yiliga yuz minglab kub metr tabiiy gazni tejash va atmosferaga chiqariladigan zararli chiqindilarni sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi.

Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, loyiha O‘zbekistonning ekologik barqarorligini ta’minlash va uglerod izini kamaytirishga xizmat qiladi.

Shamol elektr stansiyasining qiymati $28 mlnni tashkil etgan. Loyiha Xitoy hukumati tomonidan beg‘araz yordam — grant shaklida moliyalashtirilgan.

Bo‘stonliq tumanida shamol elektr stansiyasi qurilishi haqidagi ma’lumotlar ilk bor 2025-yil iyul oyi boshida paydo bo‘lgan.

O‘shanda Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev loyihani amalga oshirish uchun 10 gektar yer ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

O‘sha paytda shamol elektr stansiyasi 811 ming kub metr gaz yoki 3150 tonna ko‘mirni tejashi ma’lum qilingan.

Shamol elektr stansiyasi qurilishi 2025-yil 30-iyulda boshlangan. Loyihaning bosh pudratchisi etib Xitoyning TBEA Co. Ltd. kompaniyasi tanlangan.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda yirik iste‘molchilar uchun elektr energiyasi tariflari qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligi haqida yozgandi.