Bahodir Jurayev O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Tayinlovgacha Jurayev Issiqlik elektr stansiyalari boshqaruvi raisi lavozimida ishlab kelayotgandi. U mazkur lavozimga 2023-yil 4-iyulda tayinlangan. Bungacha esa jamiyat boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat yuritgan.

Bahodir Jurayev 1966-yil 3-dekabrda Navoiy viloyatida tug‘ilgan. 1990-yil Toshkent davlat politexnika institutining elektr stansiyalari yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan.

U mehnat faoliyatini 1990-yilda Navoiy GRES elektr sexida katta elektromontyor sifatida boshlagan. 1993−2000-yillarda elektr sexi boshlig‘ining ta’mirlash bo‘yicha o‘rinbosari, 2000−2006-yillarda Navoiy IESda bosh muhandisning ta’mirlash bo‘yicha o‘rinbosari va keyinchalik bosh muhandis lavozimlarida ishlagan.

2006−2009-yillarda Navoiy IES direktori, 2009−2013-yillarda Navoiy shahar hokimi bo‘lgan. 2013−2019-yillarda Navoiy kon-metallurgiya kombinati davlat korxonasining podstansiyalar va tarmoqlar sexiga rahbarlik qilgan.

2019−2023-yillarda esa Issiqlik elektr stansiyalari boshqaruvi raisining ishlab chiqarish, mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.


Avvalroq Spot Umid Mamadaminov energetika vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgani haqida yozgandi.

U Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. Uning o‘rnini Milliy elektr tarmoqlari rahbari Abdumalik Nazirov egalladi.