Shveysariya Gulnora Karimovaning aktivlaridan yana $252 mln ni O‘zbekistonga qaytaradi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasida noqonuniy o‘zlashtirilgan aktivlarning navbatdagi qismini qaytarish bo‘yicha bitim 24-noyabr kuni tasdiqlandi.
Unga muvofiq, $252,5 mln mablag‘ mamlakat aholisining ijtimoiy farovonligini oshirish va inson kapitalini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Aktivlar O‘zbekiston, Shveysariya va BMT hamkorligida tashkil etilgan “Ishonch — 2030” (Uzbekistan Vision 2030 Fund) trast jamg‘armasi orqali taqsimlanadi.
Jamg‘armaning birinchi bosqichida sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalariga $87 mln yo‘naltirilgan. Mablag‘lar onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, perinatal yordamni takomillashtirish, ta’lim sifatini oshirish va o‘qituvchilarning raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirishga sarflangan.
Ikkinchi bosqichda qaytariladigan $252,5 mln ikki asosiy yo‘nalishga yo‘naltiriladi. Sog‘liqni saqlash sohasida bolalar va o‘smirlarga tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, kasalliklarning oldini olish va erta aniqlash, ayrim onkologik kasalliklarni davolash imkoniyatlarini kengaytirish hamda tibbiyot xodimlari malakasini oshirish rejalashtirilgan.
Ta’lim sohasida maktab infratuzilmasini yaxshilash, yangi maktablar qurilishini qo‘llab-quvvatlash, raqamli texnologiyalarni joriy etish, o‘qituvchilar malakasini oshirish va sifatli ta’limdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Jamg‘arma mablag‘larining maqsadli sarflanishi, loyihalar natijadorligi va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari ham nazoratga olinadi. Fuqarolik jamiyati vakillari ham loyihalar ustidan mustaqil monitoring olib borishda ishtirok etadi.
2025-yil aprelida O‘zbekiston Shveysariyadan Karimovaning muzlatilgan $95 mln lik aktivlarini qaytarib olgani haqida xabar berilgandi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ko‘ra, ushbu mablag‘lar mamlakatdagi ijtimoiy sohalarga, jumladan, sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimidagi loyihalarga yo‘naltirilishi belgilangan.
Avvalroq Spot Shveysariyada Gulnora Karimova ishi bo‘yicha yana $488 mln musodara qilinishi haqida yozgandi.