Shveysariyaning Jinoyat ishlari bo‘yicha federal sudi Lombard Odier & Cie bankiga Gulnora Karimova ishi doirasida pul yuvishda ishtirok etgani uchun jarima soldi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Shveysariya prokuraturasi talqiniga ko‘ra, Jenevadagi xususiy bank xodimlari O‘zbekistonning birinchi prezidenti qizi ishtirokidagi sxemalar orqali olingan korrupsiyaviy daromadlarni yashirishga yordam bergan. Bu ish joriy yilning aprelidan buyon sudda ko‘rib chiqilayotgan edi.
Sud jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish uchun “barcha zarur tashkiliy choralarni ko‘rmaganligi” sababli Lombard Odier bankiga 3 mln frank ($3,68 mln) miqdorida jarima soldi. Bundan tashqari, 400 mln frank ($488 mln) miqdoridagi aktivlar musodara qilinishi belgilandi.
Shuningdek, sud ommaviy materiallarda “S.” deb tilga olingan bankning sobiq xodimlaridan birini 2 yil muddatga shartli qamoq jazosiga hukm qildi.
Lombard Odier ushbu hukm ustidan shikoyat qilishini ma‘lum qildi. Bankning ta‘kidlashicha, ish bo‘yicha tergov 2012-yilda Karimova bilan bog‘liq hisobvaraqlardagi shubhali operatsiyalar haqida xabar kelib tushganidan so‘ng boshlangan.
Joriy yilning aprel oyida Shveysariya federal sudi Gulnora Karimovaning o‘ziga nisbatan pul yuvish bo‘yicha ishni uning sud jarayonida ishtirok etish imkoniyati yo‘qligi sababli to‘xtatdi. Sudyalar ayblanuvchining Shveysariyaga kelishini ta‘minlash uchun barcha mumkin bo‘lgan choralarni ko‘rganini qayd etdi.
Xususan, 2024-yil avgust oyida Shveysariya rasmiylari O‘zbekistonga tashrif buyurib, Karimovaning sud jarayonidagi ishtirokini muhokama qilish uchun Oliy sud vakillari bilan uchrashgan, biroq natijaga erisha olmagan. 2026-yil yanvarida esa O‘zbekiston sudi so‘rovni qat‘iy rad etgan.
Bundan tashqari, Shveysariya prokuraturasi Karimovaning “o‘ng qo‘li” deb hisoblagan, ismi oshkor etilmagan yana bir ayblanuvchiga nisbatan ham ish yuritish to‘xtatildi. Bunga uning ish bo‘yicha da‘vo muddati tugaguniga qadar Shveysariyaga kelish ehtimoli pastligi sabab qilib ko‘rsatildi.
Spot, avvalroq, Mubin Mirzayev 8 yilga ozodlikdan mahrum qilingani haqida yozgandi.