Avvalroq Spot Islom moliyasiga muvofiqlashtirish kengashi (IFCB) IMAN Invest kompaniyasi bilan hamkorlikni to‘xtatgani haqida yozgan edi. Kengash a’zosi Mahmud Usmon kompaniyada moliyaviy qoidabuzarliklar va bir necha million dollarlik kamomad borligini bildirdi. Kompaniya rahbari Rustam Rahmatov esa ayblovlarni rad etdi.
Vaziyat keskin tus olgach, IMAN Holding Kuzatuv kengashi bildirilgan e’tirozlar bo‘yicha rasmiy bayonot bilan chiqdi. Kompaniya auditda aniqlangan ayrim kamchiliklar amaldagi oferta asosida qabul qilingan biznes qarorlari bilan bog‘liqligini, ular shariat talablariga mos emasligi ma’lum bo‘lgach, tegishli amaliyotlar to‘xtatilganini bildirdi.
$20 mln kamomad
Mahmud Usmon kompaniyaning taxminan $70 mln lik portfelida $20 mln lik kamomad borligini bildirdi. Uning aytishicha, bu raqam moliyachilar xulosalariga asoslangan. Usmon kompaniya barcha investorlar mablag‘larini qaytarishni talab qilgan taqdirda, ularning oldidagi majburiyatlarini to‘liq bajara olmasligi mumkinligini ham aytgan.
IMAN Invest esa $20 mln miqdoridagi zarar haqidagi da’vosini asossiz deb hisoblaydi. Kompaniyaga ko‘ra, bu raqam real pul kamomadini emas, balki turli moliyaviy ko‘rsatkichlar va tafovutlarning umumlashtirilgan talqinini anglatadi.
Shundan kelib chiqib, kompaniya uchta asosiy masala bo‘yicha o‘z izohlarini taqdim etdi: muammoli qarzlar, boshqaruv kompaniyasining fond oldidagi qarzi hamda daromad va investorlar portfeli o‘rtasidagi farq.
Muammoli qarzlar
Mahmud Usmon e’lon qilgan hujjatlardan birida 2026-yil 31-may holatiga IMAN Invest portfelidagi muddati o‘tgan qarzlar $9,5 mln ni yoki portfelning 17−18% ini tashkil etgani qayd etilgan. IFCB bu holat kredit xatarlari yetarlicha hisobga olingan-olinmagani yuzasidan savollar tug‘dirishini bildirgan.
IMAN esa muddati o‘tgan qarzlar bilan qaytmasligi kutilayotgan qarzlarni bir xil tushuncha sifatida ko‘rmaslik kerakligini ta’kidlamoqda. Kompaniya izohiga ko‘ra, uning amaliyotida qarz 300 kundan keyin umidsiz deb baholanadi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 31-may holatiga NPL ko‘rsatkichi 58,79 mlrd so‘mni, ya’ni 618,41 mlrd so‘mlik portfelning 9,5% ini tashkil etgan. 1-oktabr holatiga esa NPL 71,65 mlrd so‘mni — 1,1 trln so‘mdan ortiq portfelning 6,5% ini tashkil etadi.
Bundan tashqari, IMAN muammoli qarzlar bilan bog‘liq xatarlarni qoplash uchun 31,91 mlrd so‘mlik zaxira shakllantirilganini bildirdi. Kompaniya hisob-kitobiga ko‘ra, zaxiralar hisobga olinganidan keyin qoplanmagan xatar joriy portfelning 3,5% iga teng.
Boshqaruv kompaniyasining majburiyatlari
IFCB ko‘targan navbatdagi masala investitsiya fondidan boshqaruv kompaniyasiga berilgan qarz bilan bog‘liq.
Kengashga ko‘ra, 2026-yil 31-may holatida ushbu qarzning qoldig‘i $2,97 mln ni tashkil etgan. IFCB bunday amaliyot investorlar roziligisiz boshqaruv kompaniyasining operatsion xarajatlari bilan bog‘liq xatarlarni ularning zimmasiga yuklashi va qonunchilik talablariga zid bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
IMAN esa qarz fondning likvidligini saqlash uchun ajratilgan bo‘sh mablag‘lar hisobidan va ommaviy oferta shartlariga muvofiq berilganini ma’lum qildi. Biroq bu masalada kompaniyaning o‘zi ham keyingi o‘zgarishlarni qayd etdi.
Unga ko‘ra, fond mablag‘laridan boshqaruv kompaniyasiga qarz berish amaliyoti iyul oyida to‘xtatilgan. Kompaniya mavjud qarzlarni noyabr oyidan boshlab olti oy ichida fondga to‘liq qaytarishni rejalashtirayotganini bildirdi.
140,75 mlrd so‘mlik tafovut
Mojaroning yana bir qismi nasiya savdo portfeli va investorlar portfeli o‘rtasidagi farq bilan bog‘liq.
IMAN ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil 1-oktabr holatiga nasiya savdo portfeli 1,105 trln so‘mdan oshgan, investorlar portfeli esa 965,02 mlrd so‘mni tashkil etgan. Ikki ko‘rsatkich o‘rtasidagi farq 140,75 mlrd so‘mga teng.
Kompaniya bu tafovutni kelajakda olinadigan savdo marjasi bilan izohlaydi. Ya’ni, IMAN talqiniga ko‘ra, bu pul yo‘qolgan mablag‘ emas, balki nasiya savdodan keyinchalik olinishi kutilayotgan daromad bilan bog‘liq.
IFCB esa daromadni hisobga olish va investorlar dividendlarini hisoblash usuli yuzasidan e’tiroz bildirgan. Kengashning ta’kidlashicha, mijozlardan to‘lovlar hali kelib tushmagan bo‘lsa-da, ayrim bitimlar bo‘yicha foyda oldindan tan olingan va dividendlarni hisoblashda asos sifatida foydalanilgan bo‘lishi mumkin.
Avtomobillar va boshqa xarajatlar
Moliyaviy hisob-kitoblardan tashqari, tekshiruv doirasida kompaniya asoschisi Rustam Rahmatov bilan bog‘liq avtomobil xaridlari ham muhokama qilindi.
IFCB hujjatlarida 2026-yil aprel oyida fond mablag‘laridan $128 minglik Mercedes-Benz S500 avtomobilini xarid qilish uchun pul o‘tkazilgani ko‘rsatilgan. Avtomobil Rahmatovga ijaraga berilishi rejalashtirilgan.


IMAN izohiga ko‘ra, bitim shartlari maslahat kengashi e’tirozlaridan keyin qayta ko‘rib chiqilgan. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, avtomobil 12-avgust kuni sotilgan, xarid qiymati va ijara to‘lovlari esa fondga to‘liq qaytarilgan.
Shuningdek, BYD Champion avtomobili bo‘yicha bo‘lib to‘lash shartnomasida ham muammo yuzaga kelgan. IMAN to‘lovlar texnik xato va e’tiborsizlik sabab to‘xtab qolganini bildirdi. Rahmatov 31-iyul kuni qolgan 366,94 mln so‘m qarzdorlikni to‘liq to‘lagan va shartnoma yopilgan.

Bu holatlar bilan bir qatorda, IFCB marketing va boshqa xarajatlar yuzasidan ham savollar ko‘targan. Jumladan, IMANUM 5.0 taqdimotining umumiy xarajati 833,12 mln so‘mni tashkil etgan. IMAN Invest’ga ko‘ra, shundan 40,02 mln so‘mi fond hisobidan ilovani reklama qilish uchun sarflangan, qolgan xarajatlarni esa boshqaruv kompaniyasi qoplagan.
Zaxira fondiga ajratmalar bo‘yicha ham e’tirozlar bildirilgan. IFCB ayrim oylarda ajratmalar shartnomada belgilangan 5% lik chegaradan oshganini ta’kidlagan. IMAN esa buni mas’ul xodimning hisob-kitobdagi xatosi bilan izohlab, ajratmalar belgilangan chegaraga qaytarilganini ma’lum qildi.
Rustam Rahmatov kompaniya rahbarligidan ketadi
IMAN Holding kuzatuv kengashi keyingi qadamlar haqida ham ma’lum qildi. Kompaniya Rustam Rahmatov boshqaruvni tajribali mutaxassislarga topshirishi, o‘zi esa kuzatuv kengashi a’zosi sifatida qolishini rejalashtirmoqda.
Kengash raisi va boshqa a’zolarining tarkibi yaqin kunlarda e’lon qilinishi aytilgan.
Shuningdek, uch nafar olimdan iborat shariat kengashini tuzish va Usmani’s xalqaro auditorlik kompaniyasi yordamida tashqi shar’iy audit o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilingan. IMAN xalqaro mustaqil moliyaviy auditorlarni ham jalb qilish ustida ishlayotganini bildirdi. Audit yakunlangach, natijalar to‘liq e’lon qilinadi.
Bundan tashqari, Holding aksiyadorlari va SAFE shartnomalari orqali kompaniyaga kirgan investorlar tarkibini to‘liq ro‘yxatdan o‘tkazish rejalashtirilgan. Kompaniya bu jarayonni bir oy ichida yakunlashni ko‘zlamoqda.

