AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi (CDC) AQSH aeroportlariga uchib kelayotgan aviayo‘lovchilar uchun majburiy deklaratsiya joriy etdi. Bu haqda Uzbekistan Airways matbuot xizmati xabar berdi.
3-noyabrdan boshlab barcha yo‘lovchilar AQSHga uchishdan oldingi 21 kun davomida Kongo Demokratik Respublikasi hududida bo‘lmaganini tasdiqlovchi qog‘oz yoki elektron deklaratsiyani (Attestation) taqdim etishi kerak. Ushbu talab tranzit yo‘lovchilarga ham tegishli.
Qayd etilishicha, mazkur talab Kongo Demokratik Respublikasida Ebola isitmasi tarqalayotgani bilan bog‘liq hisoblanadi.
Hatto yo‘lovchi samolyot yoki aeroportni tark etmagan bo‘lsa ham, Kongo Demokratik Respublikasi hududidagi aeroport orqali tranzit o‘tish mamlakatda bo‘lish deb hisoblanadi.
Deklaratsiyani to‘ldirmagan yo‘lovchilar samolyot bortiga chiqarilmaydi. Bila turib yolg‘on ma’lumot taqdim etish AQSh qonunchiligiga muvofiq jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
18 yoshga to‘lmagan yo‘lovchilar uchun deklaratsiyani ota-onasi, vasiysi yoki boshqa vakolatli shaxs to‘ldiradi va imzolaydi.
Uzbekistan Airways yo‘lovchilarga talablar bilan oldindan tanishib chiqish va aeroportga yetib kelishdan oldin deklaratsiyani tayyorlashni tavsiya qildi. Batafsil ma’lumotlar keltirilgan deklaratsiya shakli CDC saytida mavjud.
Avvalroq AQSH davlat kotibi Marko Rubio amerikaliklarga O‘zbekistondan uy sotib olishni maslahat bergandi.