AQSH davlat kotibi Marko Rubio amerikalik investorlarga O‘zbekistondan ko‘chmas mulk sotib olishni ko‘rib chiqishni tavsiya qildi.

U ikki davlat o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalari yanada kengayishini kutayotganini bildirdi. Bu haqda u 19-oktabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston — AQSH biznes va investitsiya kengashi yig‘ilishida ma’lum qildi.

“Bunga ko‘nikib qo‘yinglar, chunki bu hamkorlik tobora kengayib boradi. Balki sizlarga bu yerdan kvartira yoki kichikroq uy sotib olish ham kerak bo‘lar, chunki endi O‘zbekistonga tez-tez kelishingizga to‘g‘ri keladi. Biz ham sizlarning bu yerga tez-tez kelishingizga umid qilamiz”, — dedi Rubio amerikalik tadbirkorlarga murojaat qilib.

U, shuningdek, Shavkat Mirziyoyev investorlarga “yaxshi ko‘chmas mulk” topishda yordam berishi mumkinligi haqida hazillashdi.

Rubio AQSH O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni mustahkamlash niyatida ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Donald Tramp ma’muriyati mintaqa bilan munosabatlarga alohida e’tibor qaratmoqda.

Samarqanddagi uchrashuvda 200 dan ortiq amerikalik biznes yetakchisining ishtirok etishi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Davlat kotibi investorlarning O‘zbekistonga qiziqishini mamlakatning geografik joylashuvi, tabiiy resurslari, mehnatga layoqatli aholisi, “ambitsiyali va dunyoga ochiq” prezidenti, shuningdek, texnologiyalar va infratuzilma sohalarining o‘sish salohiyati bilan bog‘ladi.


Avvalroq Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston kompaniyalari AQSH iqtisodiyotiga sarmoya kiritishni boshlayotgani haqida aytgandi.