O‘zbekiston kompaniyalari AQSH iqtisodiyotiga sarmoya kirita boshladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 19-oktabr kuni Samarqandda O‘zbekiston — AQSH biznes va investitsiya kengashining ikkinchi yig‘ilishi ochilishida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Tadbirda AQSH davlat kotibi Marko Rubio, AQSH prezidentining maxsus vakili Serjio Gor, shuningdek, yetakchi Amerika kompaniyalari va banklari vakillari ham ishtirok etdi.

Mirziyoyev O‘zbekistonda Amerika kapitali ishtirokidagi yuzlab kompaniyalar faoliyat yuritayotganini ta’kidladi. Tomonlar sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va yangi texnologiyalar sohalarida hamkorlik qilmoqda.

Kengash yig‘ilishi uchun tomonlar umumiy qiymati qariyb $12 mlrd bo‘lgan 54 ta kelishuv va istiqbolli tashabbusdan iborat paket tayyorladi.

Ularni amalga oshirish uchun kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

Prezident hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida muhim foydali qazilmalarni o‘zlashtirish va chuqur qayta ishlash, energetikani rivojlantirish, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini tashkil etish, sun’iy intellekt va raqamli yechimlarni joriy qilish, shuningdek, ta’lim va kadrlar tayyorlashni qayd etdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston investorlar bilan ishlashda plug and play — tayyor infratuzilmaga ega loyihalarni taklif etish modeliga o‘tmoqchi.

Bunda tadbirkorlarga ishlab chiqarish maydonlari, ulangan infratuzilma, ruxsatnomalar va zarur hujjatlari tayyor bo‘lgan loyihalar taqdim etiladi.

O‘zbekiston kompaniyalari tashkil etilgan To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar fondi orqali loyihalarda hamkor sifatida qatnashishi va investitsiya tavakkalchiliklarini bo‘lishishi mumkin.

Shuningdek, Mirziyoyev O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida 2035-yilgacha mo‘ljallangan savdo, investitsiya va texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqishni taklif etdi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston va AQSH $12 mlrd lik 54 ta kelishuvni imzolagani haqida yozgandi.