Shavkat Mirziyoyev 19-oktabr kuni C5+1 formatidagi vazirlar uchrashuvi hamda Amerika — O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yig‘ilishida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan AQSH Davlat kotibi Marko Rubioni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv boshida Marko Rubio davlat rahbariga AQSH prezidenti Donald Trampning salomi va tilaklarini yetkazdi. Asosiy e’tibor O‘zbekiston — AQSH strategik sherikligini mustahkamlash, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga qaratildi.

Siyosat va xavfsizlik, savdo va investitsiyalar, innovatsiya va texnologiyalar, ta’lim va madaniyat kabi ustuvor yo‘nalishlarda ikki tomonlama hamkorlik faollashgani qayd etildi. Ishbilarmon doiralar hamda akademik hamjamiyatning aloqalari kengayayotgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida Kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotining birinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha bir qator hujjatlar, jumladan, koinotni tinch maqsadlarda o‘zlashtirish sohasidagi Artemida bitimlari imzolandi.

Yil boshidan buyon o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 35% ga oshdi. Iqtisodiy hamkorlik dasturi doirasida fuqaro aviatsiyasi, avtomobilsozlik, konchilik, energetika, qishloq xo‘jaligi, raqamlashtirish va moliya sohalarida yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishda Ishbilarmonlik va investitsiya kengashining o‘rni katta ekani ta’kidlandi. Kengash yig‘ilishi doirasida $12 mlrdlik yangi kelishuvlarga erishildi.

Toshkentda Webster universiteti, Amerika texnologiyalar universiteti va Kolorado konchilik maktabining kompetensiyalar markazi muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani aytildi. O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan amerikalik sayyohlar soni ham ortib bormoqda.

Tomonlar amaliy hamkorlikni rivojlantirishning yangi istiqbollarini ham belgilab oldi. Strategik ahamiyatga ega muhim minerallar, energetika, transport, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohalarida hamkorlikni rivojlantirish uchun ulkan salohiyat mavjudligi qayd etildi.

Hududlararo aloqalarni rivojlantirish va ishbilarmon doiralar delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi. Ikki mamlakat yetakchilari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan bo‘lajak tadbirlar rejasi va ularni mazmunan boyitish masalalari ko‘rib chiqildi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Samarqandda savdo, investitsiyalar va texnologik hamkorlik sohalarida $12 mlrd miqdoridagi loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi 54 ta kelishuvdan iborat hujjatlar paketi imzolanganini ma’lum qildi.

Mazkur bitimlar to‘plami sanoatni modernizatsiya qilish, transport va energetika infratuzilmasi, strategik ahamiyatga ega mineral resurslar, moliyaviy xizmatlar, raqamli texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash hamda ta’lim kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.

GE Aerospace bilan Uzbekistan Airways samolyotlari uchun dvigatellar yetkazib berish, Wabtec bilan esa temiryo‘l texnikasi va butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Franklin Templeton, Oppenheimer & Co., Citigroup va BlackRock bilan tuzilgan kelishuvlar kapital jalb qilish hamda O‘zbekiston kompaniyalarining xalqaro moliya bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

ReElement Technologies, Traxys va Trafigura bilan tog‘-kon sanoatida hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan. Amazon Leo, GE HealthCare va Valmont Industries bilan bog‘liq tashabbuslar esa sun’iy yo‘ldosh aloqasi, tibbiyot texnologiyalari va qishloq xo‘jaligi sohalarini qamrab oladi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston lokomotivlarni AQSH moliya institutlari ishtirokida xarid qilishi mumkinligi haqida yozgan edi.