Shavkat Mirziyoyev 19-oktabr kuni Samarqandda AQSHning Franklin Templeton, Wabtec va Traxys kompaniyalari rahbarlarini qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Franklin Templeton prezidenti va bosh direktori Jenni Jonson bilan uchrashuvda yirik davlat korxonalarini transformatsiya qilish ishlarining dastlabki natijalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) aksiyalarining London va Toshkent birjalarida joylashtirilishi natijalari muhokama qilindi. Mamlakat tarixidagi ilk xalqaro IPO orqali qariyb $700 mln jalb etilgan, aksiyalarga talab taklifdan to‘rt baravardan ko‘proq oshgan.
Keyingi bosqichda jamg‘arma portfelidagi kompaniyalarni transformatsiya qilish orqali aholi farovonligini oshirish, xizmatlar ishonchliligi va sifatini yaxshilash ko‘zda tutilgan. Keyingi aksiyalarni joylashtirishda fuqarolarning ishtirokini kengaytirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.




Yirik kompaniyalarni IPOga tayyorlash, ularning boshqaruv kadrlarining malakasini oshirish hamda kompaniyaning Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatida ishtirok etishi bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Wabtec direktorlar kengashi raisi va bosh direktori Rafael Santana bilan muzokaralarda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotgani hisobiga lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSH moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni ularning uzoq muddatli servisi bilan birga yetkazib berish, shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.



Tog‘-kon korxonalarining karyer texnikasi uchun servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Traxys bosh direktori Mark Kristoff bilan uchrashuvda bir yilda kompaniya bilan hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani, jumladan, bitimlar imzolanib, Toshkentda kompaniyaning Markaziy Osiyodagi ilk mintaqaviy ofisi ochilgani ta’kidlandi.
Amerika texnologiyalari asosida muhim minerallar, xomashyoni chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga e’tibor qaratildi.


Avvalroq Spot ACWA Power 2027-yilda O‘zbekistonga yana $3,5 mlrd investitsiya kiritishga kelishib olgani haqida yozgan edi.








