Shavkat Mirziyoyev 16-oktabr kuni Yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi investorlar kengashining birinchi yig‘ilishi doirasida Saudiya Arabistoni, Turkiya, Ozarbayjon, Buyuk Britaniya va BAA kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Saudiya Arabistonining ACWA kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan bilan uchrashuvda “yashil” energetika, zamonaviy infratuzilma, yuqori texnologiyalar va sog‘liqni saqlash sohalaridagi investitsiya loyihalarini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish orqali ikki tomonlama amaliy hamkorlikni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga tayyor ekanini qayd etdilar.

ACWA Power kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida 2027-yil mamlakatga yana $3,5 mlrd investitsiya kiritishga kelishib olinganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya Markaziy Osiyoda ilk bor kecha-yu kunduz elektr energiyasi ishlab chiqarishni ta’minlaydigan, quvvati 1 GVt bo‘lgan loyiha bo‘yicha $1,5 mlrdlik shartnoma imzolagan.

Muhammad Abunayyan O‘zbekiston energetika sohasini rivojlantirish va investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha belgilangan maqsadlar kompaniyani ruhlantirganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, Saudiya Arabistonining O‘zbekistonga kiritgan investitsiyalari $26 mlrddan oshdi.

Shuningdek, kelasi oy O‘zbekistonga ishbilarmonlar kengashi tarkibida 50 dan ortiq kompaniya vakillari tashrif buyurishi kutilmoqda. Ular sanoat, logistika va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlik loyihalari ustida ishlaydi.

Cengiz Holding boshqaruvi raisi Mehmet Jengiz bilan muloqotda energetika, geologiya va infratuzilma sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, issiqlik elektr stansiyalarini qurish va elektr taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilish loyihalari ko‘rib chiqildi.

Mehmet Jengiz kompaniya O‘zbekistonda uchta elektr stansiyasini qurganini qayd etdi. Jizzaxdagi eng yangi stansiyani ham yaqin kunlarda ishga tushirish rejalashtirilgan. Shuningdek, kompaniya mamlakatdagi uchinchi loyihasiga investitsiya kiritish ishlarini yakunlagan.

“Men O‘zbekistonni o‘z vatanimdek bilaman. Bu yerda to‘rtinchi, balki beshinchi loyihamizni ham amalga oshirish niyatidamiz”, — dedi Jengiz.

SOCAR rahbari Rovshan Najaf va British Petroleum katta vitse-prezidenti Jovanni Kristofolini bilan uchrashuvda Ustyurt platosidagi uglevodorod konlarini o‘zlashtirish bo‘yicha navbatdagi amaliy chora-tadbirlar muhokama qilindi. British Petroleum kompaniyasi ushbu yirik loyihaga qo‘shilgani yuqori baholandi.

Neft-gaz sohasida yangi loyihalarni ilgari surish, neft va neft mahsulotlarini uzoq muddatli yetkazib berish va sotish tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.

Birlashgan Arab Amirliklarining Masdar kompaniyasi bosh ijrochi direktori Muhammad Jamil Al-Ramahiy va AMEA Power raisi Husayn Al Novays bilan uchrashuvda esa “yashil” energetika, infratuzilma, sanoat kooperatsiyasi, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi loyihalarni kengaytirishga kelishib olindi. Qayd etilishicha, yil boshidan buyon O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 40% ga oshgan.

Avvalroq Spot O‘zbekiston 128 ta neft-gaz blokini qidiruv ishlari uchun xorijiy investorlarga taklif etishi haqida yozgan edi.