Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev yoqilg‘i-energetika sohasidagi investorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazayotgani haqida yozgan edi.

Unda neft-gaz sohasida geologiya-qidiruv ishlari, konlar samaradorligini oshirish va xomashyoni chuqur qayta ishlash bo‘yicha hamkorlik kengaytirilishi qayd etildi.

Hozir Ozarbayjonning SOCAR va Buyuk Britaniyaning British Petroleum kompaniyalari bilan Ustyurt mintaqasidagi 6 ta investitsiya blokida qidiruv ishlari olib borilmoqda.

Xorijlik hamkorlarga taklif qilish uchun boshqa hududlarda yana 128 ta blok tayyorlangan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ularda 5,8 trln kub metr gaz va 560 mln tonna suyuq uglevodorod resurslari mavjud.

Ushbu imkoniyatlarni o‘zlashtirishda raqobat, shaffoflik va iqtisodiy samaradorlik asosiy mezon bo‘lishi bildirildi.

Prezident gazdan faqat elektr olish emas, uni chuqur qayta ishlab, ko‘proq qo‘shilgan qiymat yaratish muhimligini ta’kidladi. Qashqadaryodagi sintetik suyuq yoqilg‘i majmuasida yiliga 1,5 mln tonnagacha yoqilg‘i va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Buxoro viloyatida polietilen, polipropilen va PET mahsulotlari ishlab chiqarishga qaratilgan MTO loyihasi albatta amalga oshirilishi qayd etildi. Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlarini modernizatsiya qilish ham ko‘zda tutilgan.

Davlat rahbari yangi texnologiyalarga tayangan, ekologik talablarga javob beradigan va iqtisodiy asoslangan loyihalar bo‘yicha investorlarning takliflarini kutayotganini bildirdi.

Bundan tashqari, Mirziyoyev 3,8 mln abonentga ega suyultirilgan gaz bozorini isloh qilishga to‘xtalib o‘tdi. Ilgari davlat monopoliyasida bo‘lgan sohada bosqichma-bosqich bozor mexanizmlari joriy qilinmoqda.

Andijon viloyatida aholini propan bilan ta’minlash sohasiga xususiy sektorni jalb qilish bo‘yicha pilot loyiha boshlandi. 2027-yil oxirigacha ushbu xizmatlarni O‘zbekiston bo‘ylab biznesga berish maqsad qilingan.

Bundan tashqari, yangi energiya obyektlarining samarali ishlashi malakali kadrlarga bog‘liqligi qayd etildi. Saudiya Arabistonining ACWA kompaniyasi Qoraqalpog‘iston, Buxoro va Sirdaryodagi texnikumlarni jihozlab, har yili yuzlab yoshlarni energetikaning yangi yo‘nalishlariga o‘qitishni boshlamoqda.

Prezident boshqa investorlarni ham o‘z loyihalari uchun xalqaro talablarga mos mutaxassislar tayyorlashda ishtirok etishga chaqirdi. Buning uchun investorlarga joylardagi texnikumlarni boshqaruvga berishga tayyorlik bildirildi.

Kelasi o‘quv yilidan mahalliy oliygohlarda energetika yo‘nalishlari bo‘yicha qabul kvotalari oshiriladi. Dunyoning yetakchi universitetlarida o‘qish uchun har yili 50 nafar yoshga davlat granti ajratiladi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston ikkinchi va uchinchi AESni qurishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi.