O‘zbekistonda ikkinchi va uchinchi atom elektr stansiyalarini qurish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning yoqilg‘i-energetika sohasidagi investorlar bilan ochiq muloqotida ma’lum qilindi, deya xabar berdi Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Aziza Qurbonova o‘zining Telegram kanalida.

“Ertaga biz yana yangi hamkorlarimiz bilan ikkinchi atom elektr stansiyasini qurishga investorlar bilan gaplashamiz. Shuning uchun atom elektrostansiyasiga juda katta e’tibor beryapmiz, bizda juda katta uran ishlab chiqarish ko‘payyapti. Uran ishlab chiqarishga biz juda katta sarmoya, imkoniyat, tajriba orttirdik desak to‘g‘ri bo‘ladi. Shuning uchun birinchi atom elektrostansiyani boshladik, ikkinchi va uchinchisiga ham rejalarimiz ham bor”, — dedi prezident.

Bundan tashqari, Jizzax viloyati Forish tumanida qurilayotgan birinchi atom elektr stansiyasiga zarur yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish maqsadida shu yerda soliq va bojxona imtiyozlariga ega maxsus sanoat zonasi tashkil etilishi ta’kidlandi. Davlat rahbari investorlarni bu loyihalarda ham hamkorlikka chaqirdi.

17-avgust kuni Mirziyoyev O‘zbekistonda ikkinchi atom elektr stansiyasi qurilishiga tayyorgarlik boshlanganini e’lon qildi. Prezident bu loyiha qaysi davlat bilan amalga oshirilishini ochiqlamagan. Iyun oyida u, shuningdek, Rossiya bilan amaldagi AES loyihasi oxirgisi bo‘lmasligini va mamlakat atom energetikasini rivojlantirishda davom etishini aytdi.

8-sentabr kuni Belgradda bo‘lib o‘tgan Serbiya — O‘zbekiston biznes-forumida Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich O‘zbekistonda ikkinchi AESni Xitoy bilan hamkorlikda qurish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Vuchichning so‘zlariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev atom energetikasini rivojlantirish rejalari haqida gapirgan. Biroq ikkita AES ham kelajakdagi elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qoplamasligi mumkin. Bunga ma’lumotlar markazlari, sun’iy intellekt, innovatsion loyihalar va elektromobillarga talab ortishi sabab bo‘lmoqda.

Spot avvalroq OTB O‘zbekistonga elektr tarmoqlari modernizatsiyasi uchun $200 mln qarz ajratishi haqida yozgandi.