Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonning elektr energiyasini taqsimlash tizimini modernizatsiya qilish uchun $200 mln miqdorida qarz ajratadi.

Bu haqda bank prezidenti Masato Kanda va bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasidagi uchrashuvda ma’lum qilindi.

Mablag‘lar elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlarni kamaytirish, elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish va ortib borayotgan talabni qondirishga yo‘naltiriladi.

“Ishonchli elektr ta’minoti — zamonaviy iqtisodiyotning aholi oldidagi eng asosiy majburiyatlaridan biridir”, — dedi Masato Kanda.

Uning ta’kidlashicha, mustahkamlangan elektr tarmoqlari oilalar, korxonalar va davlat muassasalarini ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlash, shuningdek, qayta tiklanuvchi manbalardan olinadigan elektr energiyasini ko‘proq uzatish imkonini beradi.

elektr tarmoqlari, modernizatsiya, osiyo taraqqiyot banki

OTB prezidenti Masato Kanda va O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov. Foto: OTB

Dastur doirasida O‘zbekiston bo‘ylab 60 ta elektr taqsimlash podstansiyasi modernizatsiya qilinadi. Shuningdek, tarmoqlarni boshqarish uchun raqamli tizimlar joriy etilib, O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlarining texnik va boshqaruv salohiyati oshiriladi.

OTB hisob-kitoblariga ko‘ra, loyiha kamida 3,3 GVt quvvatga ega qayta tiklanuvchi energiya manbalarini elektr tarmog‘iga ulash imkonini beradi.

Shuningdek, issiqxona gazlari chiqindilari yiliga qariyb 23 ming tonna karbonat angidrid ekvivalentiga kamayishi kutilmoqda.

Dastur OTBning O‘zbekiston energetika sohasiga ko‘rsatib kelayotgan ko‘magining davomi hisoblanadi. Bank 2010-yildan buyon mamlakat energetika sohasiga $3,4 mlrd dan ortiq moliyalashtirish va kafolatlar taqdim etgan.

Bundan tashqari, Jahon banki dastur doirasida qo‘shimcha $100 mln ajratishni rejalashtirmoqda. Tegishli taklifni bank rahbariyati shu oyning oxirigacha Direktorlar kengashi tasdig‘iga kiritishi kutilmoqda.


Avvalroq Spot Samarqand elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilishga Aksa Elektrik kompaniyasi $357 mln investitsiya kiritishi haqida yozgandi.