Prezidentning 14-avgustdagi qarori bilan Samarqand viloyatida elektr energiyasini taqsimlash tarmoqlarini davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida modernizatsiya qilish va boshqarish loyihasini amalga oshirish belgilandi. Hujjat 17-avgustdan kuchga kirdi.

Loyihadan maqsad aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror hamda sifatli elektr energiyasi bilan ta‘minlash, tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish, shuningdek, sohaga xususiy investitsiyalar va zamonaviy boshqaruv tajribasini jalb qilishdan iborat.

Xalqaro tender natijalariga ko‘ra, Turkiyaning Aksa Elektrik Perakende Satış A.Ş. kompaniyasi g‘olib deb topildi. Kompaniya O‘zbekistonda Aksa Samarqand Electricity Distribution korxonasini tashkil etib, loyihada xususiy sherik sifatida ishtirok etadi.

DXSh doirasida xususiy sherikka Samarqand viloyatidagi elektr energiyasini taqsimlash tarmoqlarini boshqarish va ekspluatatsiya qilish huquqi beriladi. Bunda mavjud elektr tarmoqlari davlat tasarrufida qoladi.

Aksa loyihaning dastlabki 12 yilida $357 mln miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritadi. Dastlabki ikki yillik o‘tish davrida kamida $27 mln investitsiya kiritish belgilangan.

Mablag‘lar elektr tarmoqlarini kengaytirish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, yangi aktivlar yaratish hamda zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etishga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, elektr energiyasining tarmoqlardagi yo‘qotishlarini bosqichma-bosqich kamaytirish ko‘zda tutilgan. Texnik audit natijasida yo‘qotishlar 20−25% oralig‘ida bo‘lsa, ular operatsion davrda har yili 1,4%ga, 15−20% oralig‘ida bo‘lsa, yiliga 0,6%ga kamaytiriladi.

Tarmoqlarni modernizatsiya qilish orqali elektr ta‘minoti ishonchliligi va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, eskirgan infratuzilmani yangilash hamda tarmoqlarning o‘tkazuvchanlik imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilgan.

Loyihaning amalga oshirilishi va tomonlarning o‘z majburiyatlarini bajarishi Energetika vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan nazorat qilinadi.

13-avgust kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Samarqand elektr tarmoqlarini Turkiyaning Aksa Enerji kompaniyasi boshqaruviga berish tezlashtirilishi aytilgandi.

Yig‘ilishdan so‘ng energetika vaziri Sherzod Xodjayev Aksa Elektrik kompaniyasi viloyatdagi mavjud elektr tarmoqlaridan foydalanishi va yangilarini qurishini maʼlum qilgandi.

Vazir Samarqand hududiy elektr tarmoqlarining barcha xodimlari turk kompaniyasiga ishga qabul qilinishini taʼkidlab o‘tgan. Uning aytishicha, xorijdan atigi 10−15 nafar mutaxassis jalb etish rejalashtirilgan, qolgan ishlar esa mahalliy mutaxassislar bilan hamkorlikda bajariladi.

Spot, avvalroq, quvvati 50 kilovattgacha bo‘lgan mikro GESlar qurilish ekspertizasidan ozod etilishi haqida yozgandi.