Shavkat Mirziyoyevga Yangiyo‘l tajribasi asosida hududlarda isteʼmolchilarni yoqilg‘i-energetika resurslari bilan barqaror taʼminlash, energiya samaradorligini oshirish, tarmoqlardagi yo‘qotishlar va debitorlik qarzdorlikni keskin kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Avvalroq ushbu tajriba asosida har bir hududdan bittadan tanlab olingan 14 ta tumanda namunaviy tizim yaratish vazifasi qo‘yilgan edi. Shu maqsadda ishlar “mahallabay” tashkil etilib, energetika sohasidagi muammolarni joyiga chiqqan holda o‘rganish va manzilli choralar ko‘rish yo‘lga qo‘yildi.
Bu 916 ta mahalla, 832 mingta xonadon, 49 mingta tadbirkorlik subyekti va 2,2 mingdan ortiq ijtimoiy soha obyektini qamrab oldi. Har bir mahalla bo‘yicha energetik pasport va energiya resurslariga talab balansi shakllantirildi.
Natijada ilk bor mahallalar kesimida mavjud talab va imkoniyat o‘rtasidagi tafovut aniq hisob-kitob qilindi. Jumladan, 265 ta mahallada 60 megavatt elektr quvvati, 42 ta mahallada esa yiliga 47 mln kub metr tabiiy gaz taqchilligi borligi aniqlandi. Ayni paytda 207 ta mahallada quvvat zaxirasi mavjud.
Bunday yondashuv kelgusida energiya resurslariga bo‘lgan talabni oldindan hisoblash va zarur infratuzilmani o‘z vaqtida tayyorlash imkonini beradi.
Shu asosda elektr va gaz tarmoqlarini yangilash ishlari jadallashtirildi. 14 ta tumanda 5 695 ta transformator, 6,9 ming kilometr elektr tarmog‘i, 242 kilometr gaz tarmog‘i hamda 404 ta gaz taqsimlash qurilmasi taʼmirtalab ekani aniqlandi. Ularning texnik holatini yaxshilab, “yashil” toifaga o‘tkazish ishlari boshlandi.
Hozirga qadar 441 ta transformator, 1 134 kilometr elektr va 88 kilometr gaz tarmog‘i, shuningdek, 92 ta gaz taqsimlash qurilmasi taʼmirlandi.
Avvalgi yillarda investitsiya dasturlari doirasida boshlangan, biroq yakuniga yetkazilmagan obyektlarning bir qismi ham foydalanishga topshirildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, kelgusi besh yilda mazkur tumanlarda energiya resurslariga talab 49% ga oshishi kutilmoqda. Shu bois, istiqbolda ishga tushiriladigan loyihalarni hisobga olgan holda aholi va tadbirkorlarni energiya resurslari bilan ishonchli hamda barqaror taʼminlashga qaratilgan besh yillik dastur ishlab chiqildi.
Unda 721 ta mahallada 2 261 ta transformator va 7 449 kilometr elektr tarmog‘i, 200 ta mahallada esa 313 ta gaz taqsimlash qurilmasi va 327 kilometr gaz tarmog‘ini yangilash belgilandi.
Bu ishlar natijasida hududlarda qo‘shimcha 1,3 ming megavatt o‘tkazuvchanlik quvvati yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Ijtimoiy soha obyektlaridagi energiya isteʼmoli ham o‘rganildi. Jami 1 938 ta obyektning energiya sarfi tahlil qilinib, samaradorligi past bo‘lgan 226 tasi “qizil” toifaga kiritildi. Ularni energiya samarador tizimga o‘tkazish bo‘yicha dastur ishlab chiqilib, amaliy ishlar boshlandi.



Ushbu chora-tadbirlar natijasida yiliga 4,3 mln kVt-soat elektr energiyasi va 2,1 mln kub metr tabiiy gazni tejash imkoniyati yaratiladi.
Davlat rahbari 14 ta tumanda qo‘llangan mazkur yondashuv bilan cheklanib qolmasdan, uni respublikaning barcha tumanlarida joriy etish zarurligini taʼkidladi.
Barcha hududlarda ishlarni “mahallabay” tashkil etish, energetik pasportlar va energiya isteʼmoli balansini shakllantirish, tarmoqlarning holatini manzilli o‘rganish hamda aniqlangan muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Energetika sohasida “muammo paydo bo‘lgandan keyin uni bartaraf etish” amaliyotidan “muammoni oldindan aniqlash, zarur choralarni rejalashtirish va uning oldini olish” tizimiga o‘tish maqsad qilingani aytildi.
Yig‘ilishda, shuningdek, Samarqand viloyatidagi hududiy elektr tarmoqlarini xorijiy investor — Turkiyaning Aksa Enerji kompaniyasi boshqaruviga berish hamda Afg‘onistonda Surxon-Puli-Xumri yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyasini qurish loyihalarini jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Spot, avvalroq, Toshkentda 40 ga yaqin tadbirkor Biznes-ombudsman aralashuvidan so‘ng elektr tarmoqlariga ulangani haqida yozgandi.


