Biznes-ombudsman aralashuvidan so‘ng Toshkentda 40 ga yaqin tadbirkorning elektr tarmoqlariga ulanish bilan bog‘liq murojaatlari ijobiy hal etildi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi 40 ga yaqin tadbirkor elektr tarmoqlariga ulanish uchun zarur texnik shartlarni olish va loyiha hujjatlarini kelishishda amaliy yordam so‘rab Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
O‘rganishlar davomida Hududiy elektr tarmoqlari Toshkent shahar filiali tomonidan texnik shartlar qonunchilikka zid ravishda berilgani sababli vakolatli organ tadbirkorlarning loyiha hujjatlarini kelishishni rad etgani aniqlangan.
Elektr energiyasidan foydalanish qoidalarining 20-bandiga ko‘ra, texnik shartlar so‘ralayotgan quvvatdan kelib chiqib Hududiy elektr tarmoqlari yoki uning hududiy filiallari tomonidan davlat xizmatlari markazlari yoxud Yagona portal orqali beriladi.
Qoidalarning 16-bandida esa hududiy elektr tarmoqlari korxonasi iste‘molchilarning elektr tarmoqlari va qurilmalarini o‘z tarmoqlariga ulash uchun texnik shartlar berishga majburligi belgilangan.
Aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish va hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonini tartibga solish maqsadida Hududiy elektr tarmoqlari Toshkent shahar filiali rahbariyatiga rasmiy taqdimnoma kiritildi.
Natijada tadbirkorlarning murojaatlari ijobiy hal etildi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda yirik iste‘molchilar uchun elektr energiyasi tariflari qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligi haqida yozgandi.